O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov boshchiligidagi delegatsiya Kualalumpur shahrida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya a’zolari ushbu davlatning nufuzli,  UCSI xalqaro universitetida uchrashuv o‘tkazdi.

Oliygoh rahbariyati bilan tashkil etilgan xalqaro hamkorlik uchrashuvi mobaynida ikki tomon manfaatlariga asoslangan bir qator madaniy almashinuv dasturlari, hamkorlik memorandum imzolash rejalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida shartnomaga ko‘ra, kelgusida tomonlar “xalqaro 1+1 magistrlik” dasturi asosida kadrlarni o‘qitish, qo‘shma dastur bo‘yicha 5 nafar professor-o‘qituvchilarni 3 oygacha stajirovka o‘tashi va 5 nafar talabaning 6 oylik almashinuv dasturidagi ishtiroki bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek, ikki xalq musiqa va san’ati ijrosida qo‘shma konsert tadbirlarini o‘tkazish, xalqaro grant loyihalarida ishtirok etish,  maqom, katta ashula, dostonchilik va baxshichilik yo‘llarini keng targ‘ib qilish maqsadida kurslar tashkil etishga kelishib olindi.

Tadbir so‘ngida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining “Doston ijrochiligi” kafedrasi mudiri Zafar Hayitov tomonidan o‘zbek xalq baxshichilik san’ati termalaridan namunalar ijro etildi.

Ma’lumot o‘rnida qo‘shimcha qilish zarur: dunyo reytingida 256 o‘rinni band etgan UCSI universitetida bugungi kunda 10 ming talaba tahsil oladi. Malayziyada musiqa san’ati bo‘yicha reytingda birinchi o‘rinda turadi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA