O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab amirliklaridagi elchixonasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan qator vazirlik, idoralar vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasining Abu Dabi va Dubay shaharlariga tashrifi uyushtirildi.
Safardan ko‘zlangan maqsad yurtimizda amalga oshirilayotgan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish, xususiylashtirish jarayoniga hamkor davlat investorlarini jalb etish uchun “Road shou” tadbirlarini tashkil qilishdan iborat.
Tashrif davomida BAAning “Al Ghurair investment”, “RKH investment holdings”, “AlNowais investments”, “MBS Global” singari yirik xususiy kompaniyalari, ADQ, ADFD, “Mubadala investment company” kabi suveren jamg‘armalari bilan 20 ga yaqin muzokara o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda ustuvor tarmoqlarda Davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq 63 loyiha hamda xususiylashtirish taklif etilgan 21 ob’ekt taqdimoti namoyish qilindi.
O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, soliq yukini kamaytirish, bojxona to‘lovini yengillashtirish va sarmoyador huquqini qonun bilan himoya qilishga qaratilgan islohotlarning amaliy jihati qayd etildi.
Amaldagi tashabbuslar ijrosini jadallashtirish maqsadida BAA energetika va infratuzilma vaziri, Investitsiyalar vazirligi rahbariyati, Abu-Dabi va Dubay Savdo-sanoat palatalari, energetika va ichimlik suvi ta’minoti kompaniyalari rahbarlari bilan suhbat uyushtirildi.
Tashrif yakunida BAA kompaniyalari energetika, chiqindini qayta ishlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik, ichimlik suvi ta’minoti, sog‘liqni saqlash va aeroportlarni boshqarish ob’ektlarini xususiylashtirish dasturi va DXSH loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirib, muzokaralarni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.
O‘zA