21–25 sentyabr kunlari Xitoyning Sian shahrida “Ipak yo‘li” xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur ma’rifiy loyiha “Bir makon  – bir yo‘l” tashabbusining madaniy miqyosdagi muhim ko‘rinishi hisoblanadi.

Festival 2014 yil sentyabr oyida ilk marta Xitoy hukumati tashabbusi bilan  tashkil etilgan.

Aytish kerakki, mazkur festival har yili Sian va Fuchjou shaharlaridan birida o‘tkaziladi. Uning dasturiga ochilish va yopilish, taqdirlash marosimlari, filmlar namoyishi, kinoforumlar, mahorat darslari kabi tadbirlar kiradi.

“Ipak yo‘li” xalqaro kinofestivali Sian shahrida besh marta muvaffaqiyatli o‘tkazilib, unga 50 dan ortiq mamlakatdan ko‘plab taniqli shaxslar va 6 ming nafardan  ortiq kino sohasi mutaxassislari jalb etilgan.

Mashhur mehmonlar orasida  jahon kinematografiyasining mashhur yulduzlari borligi diqqatga sazovor.

Festival kino san’atiga Ipak yo‘li mamlakatlari va mintaqalarni bog‘laydigan madaniy ko‘prik yaratish, madaniy almashinuv va hamkorlikni rag‘batlantirish, aloqalarni mustahkamlash hamda “Bir makon – bir  yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikka hissa qo‘shishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston ham bu yilgi festivalga mehmon sifatida taklif etildi. Ushbu kinofestival doirasida yurtimiz kinochilari  ishtirokida O‘zbek kinosi kunlari o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir davomida “O‘zbek qizi”, “101-reys”, “Bahodir Yalangto‘sh”, “House”, “Osmondagi bolalar-3”, “Yakshanba”, “Puankare”, “Kim deyay seni” kabi badiiy filmlar namoyish etiladi.

Tadbir doirasida “Farhod va Shirin”, “Meni kut” qo‘shma loyihalarini yaratish bo‘yicha hamkorlik uchrashuvlari ham o‘tkazilishi kutilmoqda.

Qolaversa, hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan.

N.Usmonova, O‘zA