Shu yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazish — saylov ishtirokchilari hamda deputatlikka nomzodlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalari bilan chambarchas bog‘liq.
Shu bois siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarning siyosiy bilimlarini boyitishga, ularni zarur uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahar kengashlari tomonidan o‘tkazilgan o‘quv-seminarlarida partiyadan mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlarning saylov jarayoni bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
O‘quvlarda Markaziy kengash vakillari, fraksiya a’zolari hamda soha mutaxassislari tomonidan saylov qonunchiligi, partiyaning o‘tgan yillardagi faoliyati, yangi Saylovoldi dasturi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi, o‘zaro tajriba almashildi.
Shuningdek, bu yilgi saylovlar avvalgilariga nisbatan kuchli raqobat muhitida o‘tishi, bu esa partiya tashkilotlari va nomzodlardan yanada mas’uliyat talab etishi ta’kidlandi. Bundan tashqari, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor maqsad-vazifalar mohiyati haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Seminarlarda deputatlikka nomzodlarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
M.Komilova, O‘zA