Qatar Davlati yetakchi bosma nashri – “Ash-Sharq” Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” VIII Xalqaro kongressini batafsil yoritib bordi. Xususan, anjuman doirasida gazeta bosh muharriri Jobir Salim Al-Harmiy O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev bilan uchrashganiga alohida e’tibor qaratdi.

Maqolada muloqot chog‘i B.A’loyev aksariyat mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha ikki davlat nuqtai nazarida uyg‘unlik mavjudligi, tomonlar xalqlarimiz farovonligi yo‘lida turli sohalar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanini qayd etganiga urg‘u bergan.

– Qatar O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashidagi yaqin strategik hamkori, – deydi diplomatimiz. – Xalqlarimiz bir-biriga yaqinlashishda davom etar ekan, hali ko‘p ish qilishimiz, yangi ufqlar ochishimiz kerakligi ayon. Hozir biz mamlakatlarimiz farovonligini ta’minlashga yordam beradigan yangi, mustahkam va ishonchli hamkorlik ko‘priklarini qurmoqdamiz.

Tashqi siyosiy idoramiz mas’ul vakili Qatar – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi birinchi majlisini shu yil noyabr oyida o‘tkazish rejalashtirilganini ma’lum qildi. Mazkur ilk qadamdan keyin har yili navbatma-navbat uchrashuvlar tashkil etilishi, sheriklik dasturlari ishga tushirilishi ta’kidlandi. Davlatlarimiz ikki muhim mintaqa – Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida jiddiy missiyaga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda 2025 yil Markaziy Osiyo va Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi yetakchilarining ikkinchi sammiti o‘tkazilishi ham fikrimizni isbotlaydi.

Tabiiyki, qatarlik hamkasblarimiz Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro kongressi hamda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalini ham batafsil yoritishgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA