Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining XIV Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning saylovda qatnashishi va yangi Saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda partiyaning munosib va faol ishtirokini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar to‘g‘risida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ma’ruza qildi:
–O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 82 banddan iborat maqsadlarni belgilab olgan bo‘lib, hozirga qadar ularning 70 dan ortig‘i amalga oshirildi. Partiyamiz tashabbusi va takliflari bilan minimal iste’mol xarajatlarini e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari undan oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Shuningdek, aholining kam daromadli qatlami uchun qurilayotgan arzon uy-joylar soni ko‘paytirildi, ushbu sohada imtiyozli ipoteka krediti ajratish amaliyoti takomillashtirildi. Uy-joy olishni subsidiyalash tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida hududlarda 6 mingta ko‘p qavatli uy barpo etilib, 250 ming oila boshpanali bo‘ldi, – dedi partiya yetakchisi.
Qurultoyda partiya Markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi faoliyati haqidagi hisobotlar chuqur va tanqidiy-tahliliy muhokama etildi. Partiyaning 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan dasturi samarali amalga oshayotgani ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, Xalq demokratik partiyasining bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan yangi Saylovoldi dasturi delegatlar e’tiboriga taqdim etildi.
Qayd etilganidek, dasturda davlat va jamiyatni rivojlantirish, huquqlar va imkoniyatlar tengligini ta’minlash, kuchli ijtimoiy siyosat yuritishga qaratilgan 10 ta yo‘nalish, 15 qadamni o‘zida mujassam etgan 100 ga yaqin taklif va tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, dasturning ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha adolatli davlat pensiya ta’minoti tizimini joriy qilish, aholida doriga qaramlikni kamaytirish, maktablarda chet tillar va IT o‘quv soatlarini ko‘paytirish, o‘zini band qilganlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, ulush kiritish asosida uy-joy qurilayotganda xaridorlarni kafolatli himoya qilish bo‘yicha yechimlar taklif etilgan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘nalishida esa davlat byudjeti hisobidan qimmatbaho sovg‘alar hadya qilishni taqiqlash, byudjet mablag‘larini samarasiz ishlatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaviy nazorat organlariga respublika hokimiyat organlarining ta’sirini kamaytirish bilan bog‘liq takliflar delegatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Partiya yangi dasturida shuningdek, davlat va jamiyat qurilishi yo‘nalishida ham qator tashabbuslar joy olgan.
Qurultoyda delegatlar, partiya Markaziy kengashi a’zolari, partiya faollari so‘z olib, yangi Saylovoldi dasturda partiyaning ustuvor maqsad-g‘oyalari hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi manfaatlari bilan bog‘liq takliflar joy olganini alohida e’tirof etdi. Qizg‘in muhokama va bildirilgan munosabatlardan so‘ng delegatlar Xalq demokratik partiyasining yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
Qurultoyda saylov har bir partiya uchun keng imkoniyat va katta mas’uliyat ekani, ayniqsa, bu yilgi yangicha, aralash tizimda o‘tadigan saylovlardan xalqimizning umidi kattaligi ta’kidlandi. Shu bois Xalq demokratik partiyasi parlament quyi palatasi deputatligiga nomzodlar ilgari surish masalasiga ulkan mas’uliyat bilan yondoshgani aytib o‘tildi.
Qurultoyda partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi uchun tashkil etilgan bir mandatli 75 ta okrugdan 75 nafar nomzod ilgari surildi. Shuningdek, proporsional tizim bo‘yicha 100 kishilik partiyaviy ro‘yxat ham taklif etildi.
Nomzodlarning 47,4 foizi ayollardan iborat. 175 nafar nomzodning 13 foizi iqtisodchi, 8 foizi huquqshunoslar, 9 foizi tibbiyot, 31,4 foizi pedagoglar, 32,6 foizi boshqa soha vakillaridir. Shuningdek, nomzodlarning 18 nafari fan nomzodi (PhD) va 15 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega.
Qurultoyda deputatlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash haqida yakdil qaror qabul qilindi.
Xalq demokratik partiyasining parlament va mahalliy Kengashlarga saylovda faol ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishi yo‘lida muhim qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA