Poytaxtimizdagi «Renessans» kino majmuasida Kinematografiya agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan «Tirik tarix» ma’rifiy loyihasi doirasidagi o‘quv kurslari boshlandi.

Mazkur agentlik direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda milliy kino san’atini rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar natijasida yangi-yangi ekran asarlari yaratilayotgani, sohada ilg‘or tashabbuslar ilgari surilayotganini ta’kidladi.

– Keyingi sakkiz yillar davomida milliy kino san’atimizga Prezidentimizning nigohi qaratilgani kinematografiya rivojida yangi bosqichni boshlab berdi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev. – Shu yil 16 may kuni davlatimiz rahbarining soha vakillari bilan uchrashuvi kino ijodkorlarini ruhlantirishi bilan birga, sohadagi dolzarb masalalarni ochib berdi. Kino yoshlar ongiga bevosita ta’sir etuvchi eng ommaviy san’at sanaladi. “Tirik tarix” turkumidagi filmlar asrlar qa’riga borib taqaluvchi shonli o‘tmish, yaqin tariximiz, jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, zamon qahramonlarining siymolarini aks ettirishni ko‘zda tutadi. Demakki, 2024-2027 yillar davomida 57 ta yirik kino loyiha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa kinochilardan tarix, adabiyotdan puxta bilimga ega bo‘lish kerakligini talab etmoqda.

“Maxsus adabiyot”, “Maxsus tarix” o‘quv kurslarining ilk kunida Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Shohrux Abdurasulov singari adabiyotshunos, san’atshunos olimlar tomonidan dolzarb mavzudagi mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

N.Usmonova, O‘zA