Ta’lim jarayonini raqamlashtirish, manbalarni o‘zlashtirish, raqamli texnologiyadan foydalanish, inter faol, multi medial resurslar va yangi platformalar yaratish bugungi kunning dolzarb vazifasi sanaladi. Shu nuqtai nazardan malakali, raqobatbardosh kadrlarga talab tobora ortmoqda.

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Toshkentda Hamad Bin Xalifa universiteti prezidenti doktor Ahmad Hasna bilan uchrashib, sun’iy intellekt, AI kadrlarini tayyorlash, raqamli texnologiyani tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatini muhokama qildi.

Hamad Bin Xalifa universiteti Qatar poytaxti Dohada joylashgan, 2010 yil tashkil etilgan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Qatarning sobiq amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy nomi berilgan oliygoh jahon universitetlari reytingi (QS World Universities Rankings)da 183-o‘rinni egallagan.

Mamlakatimizning ushbu davlatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev ham yaqinda mazkur oliygoh rahbari bilan uchrashgan edi.

– Dohadagi uchrashuvdan ko‘p vaqt o‘tmay, taklifimizni qabul qilib, O‘zbekistonga tashrif buyurgani uchun doktor Hasnaga minnatdorlik bildiramiz, – dedi diplomat. – Endi kelajak avlodlar manfaati uchun samarali hamkorlik o‘rnatilishini intiqlik bilan kutamiz.

O‘zbekiston va Qatar Milliy kutubxonalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolanishi ham madaniy hamkorlik tarixida yangi sahifa ochdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA