1949 yil 12 avgust kuni Shveysariyada imzolanib, 1950 yil 21 oktyabrda kuchga kirgan Jeneva konvensiyasi urush uchun insonparvarlik qoidasini belgilaydigan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hisoblanadi.
Mazkur hujjat zamonaviy xalqaro huquqning asosiy tamoyilini mustahkamlagan. Masalan, bir bandda urush raqib tomon qurolli kuchlariga qarshi olib boriladi, oddiy aholi, bemorlar, yaradorlar, harbiy asirlar va boshqalarga qarata harbiy harakat taqiqlanadi, deyilgan.
Jeneva konvensiyasi to‘rt universal xalqaro shartnomadan iborat: Qurolli kuchlardagi yarador va bemorlar ahvolini yaxshilash; Qurolli kuchlarning dengizdagi yarador, kasal va kema halokatiga uchragan a’zolari ahvolini yaxshilash; Harbiy asirlar bilan muomala qilish; Urush davrida fuqarolarni himoya qilish.
Hujjat urush e’lon qilingan yoki har qanday qurolli to‘qnashuv sodir etilgan taqdirda, hatto tomonlardan biri urush holatini tan olmasa-da, muayyan hududni bosib olganda, ishg‘ol qurolli qarshilikka uchramasa ham qo‘llanadi. Agar Jeneva konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lmagan biror mamlakat hujjat qoidasiga amal qilsa, ushbu davlat bilan ziddiyatdagi Konvensiya ishtirokchisi bo‘lgan qarama-qarshi tomon ham o‘z harakatida shu qoidalarga rioya qilishi shart. Jeneva konvensiyasi neytral davlatlar uchun ham majburiy.
Jeneva konvensiyasi barcha davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan va shu orqali urushning insoniyat uchun halokatli oqibatini yumshatishda muayyan qoidalar bilan cheklanishi kerakligini tan oladi. Harbiy harakatda qatnashmagan yoki qatnashishni to‘xtatgan odamlarni himoya qiladigan xalqaro gumanitar huquq (XGH) asosini tashkil qiladi.
XGH o‘z navbatida jangovar harakatni tartibga soladi va qurolli to‘qnashuvda insoniyatning muayyan qismini saqlab qolish, insonlar azob-uqubatini yengillashtirish uchun urush vositasi va usullarini cheklaydi. Jeneva konvensiyasi, umuman, XGH kabi mojarodan jabrlangan barcha odamlar huquqini himoya qiladi va har bir kishi, hatto dushman ham inson sifatida ko‘rilishini ta’minlashga qaratilgan shartnoma hisoblanadi.
Mamlakatimiz Jeneva konvensiyasi barcha 4 hujjatiga 1993 yil 3 sentyabrda qo‘shilgan.
S.Rahimov, O‘zA