Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Irqini qabul qildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama rivojlanib borayotgan savdo-investitsiyaviy munosabatlarni davlatlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib yangi pog‘onaga ko‘tarish, ishga solinmagan imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligi qayd etildi.
Muhammad Irqi Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan arab mamlakatlaridan biri ekanligini ta’kidlab, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi turli sohadagi aloqalarni, xususan, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Muloqot chog‘ida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida ikki mamlakat parlamentlari «do‘stlik guruhlari» o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi va unda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilayotgan masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuv samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.
O‘zA