O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

2024 yil 1 oktyabrdan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning barcha turdagi xizmatlari bo‘yicha daromad va xarajatlarning alohida hisobi yuritaladi. Bunda yo‘lovchi tashish uchun alohida daromad va xarajatlar hisobga olinib, yo‘lovchi tashish xizmati narxlarini hisoblash bazasi yaratilishi inobatga olinadi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab temir yo‘l xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalarning ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rgan zararlari mazkur qaror bilan tasdiqlangan vaqtinchalik nizom talablari asosida Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi.

2025 yil 1 dekabrga qadar temir yo‘l transporti sohasida davlat tomonidan tartibga solinadigan xizmatlar narxini aniqlash va tasdiqlash tartibi ishlab chiqiladi. Bunda xizmat ko‘rsatish sifati hamda operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan rag‘batlantirish mexanizmlarini (bonuslar) joriy qilish hamda avans to‘lovlarini amalga oshirish metodologiyasini qo‘llash hisobga olinadi.

2027 yillardan boshlab Davlat byudjetidan kompensatsiya mablag‘lari faqatgina ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalari asosida moliyalashtiriladi.

Ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizom ichki qatnovlarda harakatlanuvchi poyezdlarda (yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezyurar poyezdlar bundan mustasno) yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibini belgilaydi hamda 2027 yil 1 yanvargacha amal qiladi.

O‘zA