Bugungi kunda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish eng dolzarb masalalardan biriga aylangan. 2023 yilgi natijalarga ko‘ra, YAIMga sarf etilgan energiya bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 11-o‘rinni egallagan. Bizdan oldingi o‘rinlarda esa Saudiya Arabistoni, Rossiya kabi neft va energiya resurslariga boy bo‘lgan mamlakatlar turadi.

Qayd etish lozimki, energiya tejalsa, mahsulotlar tannarxi tushadi va investitsiyalar oqimi oshadi.

Endilikda energiya servis kompaniyalari faoliyati mustahkamlanmoqda, qonunchiligimizga energiya menejmenti, energiya auditi kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirishning asosiy tamoyillari hamda maqsadlari belgilanmoqda.

– Ushbu qonun loyihasida sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli organ hamda energiyani tejash va energiya samaradorligini nazorat etuvchi tashkilotlarning vakolatlari aniq qilib belgilanmoqda, – dedi deputat Jahongir Abdurasulov. – Qurilish va transport sohasida, bino hamda inshootlarda, issiqlik ta’minoti va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarida, qishloq va suv xo‘jaligida, xalq xo‘jaligining boshqa sohalarida energiyani tejash, undan oqilona foydalanish hamda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan huquqiy normalar kiritilmoqda.

Loyiha energiya resurslari xarajatlarini yanada maqbullashtirish, iste’mol samaradorligini ta’minlash, bu borada davlat nazoratini kuchaytirishga, ma’muriy jarimalar va iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llash tartibini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Majlisda moddama-modda muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

M.Komilova,

O‘zA