Ayrim shaxslarga benzin uchun kompensatsiya miqdori 128 ming 700 so‘m etib belgilandi

421

Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2024 yil 15 maydagi qarori bilan ayrim shaxslarga benzin sotib olishlari uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning yangi miqdori belgilandi.

Unga ko‘ra, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2024 yil II chorakdan boshlab 128 ming 700 so‘mni tashkil qiladi.

Ma’lumot o‘rnida, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2023 yilning II choragida 55 foizga oshirilib, 116 ming 180 so‘mni tashkil qilgan edi. III chorakda esa ushbu miqdor 119 ming 640 so‘mga, IV chorakdan boshlab 120 ming 660 so‘mga va 2024 yil I choragida 124 ming 780 so‘mga oshirilgan.

Benzin uchun kompensatsiya to‘lovlari “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan organlarga murojaat qiladi, deyiladi “O‘zbekneftgaz” AJ xabarida.

N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA