Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda 2021-yildan buyon tashkil etilayotgan “Buzatov Fest” tanlovining bu yilgi bosqichlari ham qizg‘in ruhda o‘tmoqda.
– Tanlov qoidalariga ko‘ra, buxorolik o‘g‘il-qizlar ham 10-15, 16-22 va 23-30 yosh toifalarida baxshichilik, an’anaviy ijro, opera, estrada yo‘nalishlarida o‘z iste’dodlarini hakamlar hay’atiga namoyish qildi, –deydi Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Rahmonov. – Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘olib chiqib, viloyat bosqichida ishtirok etayotganlar orasida ilk bora mazkur tanlovda qatnashayotgan yoki yana bir bor respublika bosqichigacha chiqib, u yerda ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan iste’dod egalari, xalqaro tanlovlar ishtirokchilari ham bor.
Ishtirokchilar baxshichilik, opera, estrada va an’anaviy ijro yo‘nalishida o‘z iste’dodini, ustozlaridan olgan bilimlarini katta sahnada, jonli ijro tarzida namoyish etar ekan, albatta hayajonni sezish qiyin emas edi. Zotan, tanlovning maqsadlaridan biri ham yoshlarning katta sahnada o‘z iste’dodlarini namoyish etishlarini qo‘llab- quvvatlashdir. Yana bir muhim jihatlardan biri, mazkur tanlov respublika bosqichi ishtirokchilarining moddiy rag‘batlantirilishidir.
Tanlovning Buxoro viloyati bosqichi ikki kun mobaynida “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Yakunda esa uch yosh toifasida o‘z iste’dodini mahorat bilan namoyish qilgan yoshlar saralab olindi. G‘oliblar respublika bosqichida qatnashish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz: tanlovning respublika bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Buzatov tumanida festival tarzida tashkil qilinadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari