Meva-sabzavot mahsulotlarining eng kam eksport narxlari belgilandi

342

O‘zbekistonda eksport narxlarini sun’iy ravishda pasaytirishning oldini olish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti ustidan nazorat o‘rnatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlari Mahkamasining 2024-yil 29-fevraldagi Respublikada meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, 1-mayga qadar nazorat qilinadigan  mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlash va eksport shartnomalarining narxlari monitoringini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi  tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ro‘yxatga kiritilgan tovarlar uchun tavsiya etilgan   minimal  eksport narxlarini tasdiqlaydi. Shu maqsadda palata vakillari dunyo bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari narxlari konyukturasini muntazam  kuzatib boradi.

Minimal eksport narxlari har hafta  OAV (jumladan, internetdagi ochiq manbalar)da va axborot nashrlarida e’lon qilingan narxlardan: O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan olingan  tashqi bozorlardagi narxlar; Investitsiyalar, sanoat va savdo  vazirligining tashqi savdo va xorijiy  muassasalaridan olingan narxlar; mahalliy va xorijiy  savdo kompaniyalariga  yuborilgan so‘rovlar asosida olingan  narxlar; ichki bozordagi  meva-sabzavot mahsulotlariga qo‘yilgan  ulgurji  va chakana narxlardan  kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi;

Tavsiya etilgan eksport narxlari haqidagi  ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot  tizimiga  kelib tushishi kerak. Shuningdek, bu ma’lumotlar O‘zbekiston  Savdo-sanoat palatasi saytida ham  ochiq e’lon qilib boriladi.

Ayni damda,  shartnomalarda meva-sabzavot narxlarining eksport narxlarini  tavsiya  etilayotgan narxlarga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda  pasaytirishga ruxsat beriladi.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA