Meva-sabzavot mahsulotlarining eng kam eksport narxlari belgilandi
O‘zbekistonda eksport narxlarini sun’iy ravishda pasaytirishning oldini olish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti ustidan nazorat o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlari Mahkamasining 2024-yil 29-fevraldagi Respublikada meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, 1-mayga qadar nazorat qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlash va eksport shartnomalarining narxlari monitoringini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ro‘yxatga kiritilgan tovarlar uchun tavsiya etilgan minimal eksport narxlarini tasdiqlaydi. Shu maqsadda palata vakillari dunyo bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari narxlari konyukturasini muntazam kuzatib boradi.
Minimal eksport narxlari har hafta OAV (jumladan, internetdagi ochiq manbalar)da va axborot nashrlarida e’lon qilingan narxlardan: O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan olingan tashqi bozorlardagi narxlar; Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tashqi savdo va xorijiy muassasalaridan olingan narxlar; mahalliy va xorijiy savdo kompaniyalariga yuborilgan so‘rovlar asosida olingan narxlar; ichki bozordagi meva-sabzavot mahsulotlariga qo‘yilgan ulgurji va chakana narxlardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi;
Tavsiya etilgan eksport narxlari haqidagi ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kelib tushishi kerak. Shuningdek, bu ma’lumotlar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi saytida ham ochiq e’lon qilib boriladi.
Ayni damda, shartnomalarda meva-sabzavot narxlarining eksport narxlarini tavsiya etilayotgan narxlarga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda pasaytirishga ruxsat beriladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA