O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, jahon miqyosidagi ilg‘or tajribalar asosida zamonaviy madaniyat va san’at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

Aholi, xususan, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etish, shu asosda ma’naviy yetuk, barkamol shaxslarni tarbiyalash, yosh iste’dod egalarining qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, madaniyat va san’at sohasini boshqarishda eskicha usullar saqlanib qolayotgani, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha kompleks yondashuvning yetishmasligi, madaniyat muassasalarining faoliyatini tashkil etish, aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, aksariyat joylarda madaniyat va san’at maskanlarining moddiy-texnik bazasi bugungi kun talablariga javob bermasligini qayd etish zarur. Ayniqsa, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda mavjud talab va ehtiyojlarni hisobga olmaslik, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish borasida puxta tizim yaratilmagani madaniyat sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarni to‘liq bajarish imkonini bermayapti.

Mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilishning bugungi yangi bosqichida madaniyat va san’atning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, yosh avlodimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan quyidagi vazifalar ijro uchun qabul qilinsin:

madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini tashkil etish va samaradorligini oshirish borasidagi qonunchilikni takomillashtirish. Jumladan, muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish. Moddiy madaniy meros va arxeologiya obyektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini yanada takomillashtirish;

madaniyat va san’at muassasalari, teatrlar, muzeylar, badiiy jamoalar, madaniyat va aholi dam olish maskanlari, madaniyat va istirohat bog‘lari faoliyati, moddiy-texnik bazasi holatini atroflicha o‘rganish, ularni ta’mirlash va zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta’minlash, samarali ijodiy faoliyat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish. O‘zbek milliy raqs va xoreografiya san’atini yanada rivojlantirish, madaniyat va san’at rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli san’atkorlar, jahon miqyosidagi nufuzli ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;

yoshlarni san’at maskanlariga, xususan, teatr va muzeylar, konsert tomoshalariga muntazam jalb etish, o‘zbek va jahon madaniyatining eng sara namunalaridan bahramand etish orqali ularning ma’naviy-axloqiy, estetik didi va madaniy darajasini yanada yuksaltirish. Madaniyat va istirohat bog‘lari hududida “Nuroniylar maskan”larini tashkil etib, faxriylarning madaniy dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratish;

“Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” kabi teatr san’ati ko‘rik-festivallari samaradorligini oshirish orqali buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlari obrazi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratish. “Bahor nafasi” xalqaro san’at festivali, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali, “Yoshlik bahori” respublika yosh opera ijrochilari festivali singari tadbirlar, turli xalq sayllarini tashkil etib, ularga xorijiy sayyohlarni keng jalb etish;

madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarining malakali kadrlar va mutaxassislarga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini o‘rganish, bu borada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish, zamonaviy ilg‘or tajribalardan foydalanish, dunyoning mashhur musiqachilari, bastakorlari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etish, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarini o‘quv dasturlari va notalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar, ilmiy-metodik adabiyotlar bilan ta’minlash;

O‘zbekistonning yuksak madaniyati va san’atini xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib etish, xalqaro ko‘rik-tanlov va festivallarda mamlakatimiz vakillarining ishtirokini kuchaytirish, Samarqand shahrida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali nufuzini yanada oshirish, boshqa turli tadbirlarda chet ellik madaniyat va san’at namoyandalari keng qatnashishlarini ta’minlash, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi 2017-yilning 1-oktabriga qadar:

muzeylar va teatrlar faoliyatini takomillashtirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kompleks chora-tadbirlarini;

yoshlarni teatr va muzeylarga, konsert-tomosha tadbirlariga tizimli ravishda jalb etish orqali ularning ma’naviy-axloqiy, estetik va madaniy darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizdagi konsert-tomosha va teatr muassasalarining ijodiy xodimlari uchun grim va postijyor mahsulotlari, oyoq kiyimlar, maxsus liboslar, jumladan, balet san’ati uchun liboslar, yuksak darajada ishlangan sahna dekoratsiyalari va konstruksiyalari, parda va sahna liboslarini tayyorlashga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish yuzasidan takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Madaniyat vazirligi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri, Buxoro ko‘chasi, 10-uyda joylashgan binoni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tasarrufiga o‘tkazish va ushbu binoda jahon andozalariga to‘liq mos keladigan, akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan zamonaviy konsert zalini barpo etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat konservatoriyasida madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun malakali musiqa pedagoglarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashtirilgan fakultet tashkil etish yuzasidan zarur choralarni amalga oshirsin.

5. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturlari mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamg‘armasi;

tijorat banklarining kredit mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika komissiyasi (A.Aripov):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlarning hokimlari boshchiligida Dasturni amalga oshirish bo‘yicha bir hafta muddatda tegishli ishchi guruhlar tashkil etsin;

vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan har bir davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, viloyat, shahar, tumanlar bo‘yicha Dastur asosida ikki hafta muddatda hududiy dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlasin, ularni tasdiqlasin hamda ularda nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini muvofiqlashtirsin;

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning bajarilishiga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tizimli asosda muvofiqlashtirib, belgilangan tadbirlarning to‘liq va sifatli bajarilishi ustidan monitoring olib borsin va nazorat qilsin.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

Dasturni amalga oshirish yuzasidan ikki hafta muddatda hududiy dasturlarni ishlab chiqib, Respublika komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritish;

Dasturni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan mahalliy byudjet mablag‘larining rejalashtirilishi va to‘liq ajratilishi, homiylik xayriyalari jalb etilishini ta’minlash;

hududlarda madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun munosib turar joy sharoitlarini yaratish maqsadida hududlar markazlarida imtiyozli ipoteka kreditlari asosida ko‘p qavatli xizmat uylarini qurish, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan toifadagi mutaxassislar uchun uy-joylar ajratish;

madaniyat va istirohat bog‘larida aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida mavjud attraksion va boshqa o‘yin qurilmalarining xavfsizlik qoidalariga muvofiqligini ta’minlash choralarini ko‘rsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 31-may