O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qabul qilinishi milliy qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayoni sifati va samaradorligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, huquqiy tartibga solish barqarorligini ta’minlash bo‘yicha bir qator vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining norma ijodkorligi faoliyatining islohotlar bilan uyg‘unligini ta’minlash va davlat huquqiy siyosatining institutsional asoslarini rivojlantirish bo‘yicha maqsadiga erishish, shuningdek, qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini yanada oshirish, shu jumladan, ulardagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish va havolaki normalarini amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni belgilash hamda huquqni qo‘llash amaliyotining bir xilligini ta’minlash maqsadida:

1. 2017-2023 yillarda qabul qilingan 135 ta yaxlit qonunda jami 543 ta havolaki norma mavjudligi, shundan 23 ta qonundagi 41 ta havolaki normani amalga oshirish bo‘yicha qonunosti hujjatlari qabul qilinmaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (keyingi o‘rinlarda – chora-tadbirlar rejasi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning ulushini izchil oshirib borish hamda qonunlardagi havolaki normalar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 martdan boshlab quyidagi tartib-taomillarni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin:

qonun loyihasidagi havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va mas’ul ijrochilarini loyihaning o‘zida majburiy tartibda belgilash;

tegishli sohani tartibga soluvchi qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga ko‘tarish imkoniyatini muhokama qilish shartligini belgilash va bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida ko‘rsatish;

qonun kuchga kirgan kundan boshlab besh yil o‘tib, mas’ul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari tomonidan qonunning samaradorligini, maqsadi va kutilgan natijalariga erishilganligini aniqlash uchun uning tartibga solish ta’sirini baholash amaliyotini joriy etish.

4. Normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqishda fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy hamjamiyat vakillari ishtirokini kengaytirish, jamoatchilik muhokamasi tizimini takomillashtirish hamda norma ijodkorligi jarayonining xalqchil bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2024 yil 1 martdan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilsin:

yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida to‘plangan ijobiy tajriba asosida eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda dastlab jamoatchilikning taklif va tavsiyalari olinib, ular asosida tegishli loyihalar ishlab chiqiladi;

normativ-huquqiy hujjatni kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilganda, uning asosida qabul qilingan quyi turuvchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazilib, ularni ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish masalasi ko‘rib chiqiladi.

5. Mas’ul vazirlik va idoralar ushbu qarorga ilovaga muvofiq tasdiqlanayotgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan muddatlarda qonun hujjatlarini tanqidiy tahlil qilish, milliy va xalqaro tajribani chuqur va har tomonlama o‘rganish yakunlari bo‘yicha normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning puxta ishlab chiqilishi, kelishilishi hamda qabul qilinishi yoki o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

6. Adliya vazirligi:

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari belgilangan tartibda kelishilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi ustidan monitoring olib borsin;

chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

jamoatchilik muhokamasiga chiqarilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha aholining taklif va e’tirozlariga ishlab chiquvchi tomonidan munosabat bildirilishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatsin;

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mamlakat hududida oliy yuridik kuchga egaligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ularning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini baholashni alohida mezon sifatida belgilasin;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ushbu qaror talablariga rioya etilishini ta’minlasin;

uch oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik taklif va tavsiyalari asosida ishlab chiqish bo‘yicha vazirlik va idoralar uchun uslubiy tavsiyalarni tasdiqlasin;

uch oy muddatda qonunlarning amaliyotda aniq va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash maqsadida ularning huquqni qo‘llovchilarga va aholiga tushuntirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.

7. Mas’ul vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari zimmasiga chora-tadbirlar rejasida belgilangan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalari o‘z vaqtida va sifatli tayyorlanishi, ekspertiza qilinishi va kelishilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

8. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga qonunlarning havolaki normalari amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi
           Prezidenti                                                                                                             Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2024 yil 19 fevral