Tesla Qizil dengizda kemalarga hujum uyushtirilayotgani bois butlovchi qismlar yetishmasligi sharoitida Berlin yaqinidagi zavodida avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatadi.
“Qizil dengizdagi qurolli mojarolar sabab Yevropa va Osiyo o‘rtasida qatnayotgan yuk kemalarining yo‘nalishlari o‘zgarishi natijasida Gryunxayde shahridagi zavod faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tashuv vaqtining sezilarli ravishda cho‘zilishi tovar yetkazib berish zanjirida uzilishlarni keltirib chiqarmoqda”, – deyiladi Tesla tarqatgan bayonotda.
“Reyter” axborot agentligining yozishicha, fabrikada ishlab chiqarish 29 yanvardan 11 fevralgacha to‘liq to‘xtatiladi.
Qizil dengizda Yaman sohillarining katta qismini nazoratiga olgan xusiylar Isroilga aloqasi bo‘lgan yoki ushbu mamlakat portlariga kelayotgan kemalarga hujum qilishni ma’lum qilgan edi. Bunga javoban AQSH o‘nlab mamlakatlar bilan birgalikda Qizil dengizda kemalarni himoya qilish amaliyotini o‘tkazishni e’lon qilgan.