Ushbu inshootlar atrofi obodonlashtirilib, o‘rindiqlar o‘rnatildi, bolalar maydonchalari, mini-market, kiyim-kechak do‘koni, novvoyxona, avtoturargoh barpo etildi.
Ayni paytda davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida hududda yana 9 ta, shahar bo‘yicha jami 14 ta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Turar-joylarni joriy yil sentyabr oyida o‘z egalariga topshirish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz kelajakda bu massivda 50 ta ko‘p qavatli uy qurish kerakligini ta’kidladi.
– Yangi quriladigan 50 ta ko‘p qavatli uy uch yilda Andijonda uy-joyga ehtiyojni ta’minlashga erishish imkonini beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda Andijon shahrining 2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi va shaharda amalga oshiriladigan boshqa ijtimoiy-infratuzilma obyektlarini qurish-rekonstruksiya qilish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Andijon shahrida 422 ming aholi 15 ming gektar joyda istiqomat qilmoqda. Prezidentimizning o‘tgan yilgi topshirig‘i asosida “O‘zshaharsozlik LITI” DUK tomonidan shaharning yangi bosh rejasi loyihasi ishlab chiqilib, unda Andijon tumani va qisman Oltinko‘l tumani hududidan 6 ming 300 gektar maydonni Andijon shahriga qo‘shish ko‘zda tutilgan.
Mazkur ko‘chadan oqib o‘tuvchi kanal bo‘yi obodonlashtirilib, atrofida odamlar dam oladigan saylgoh barpo etilmoqda. Hozirgi kungacha kanalning 500 metr qismidagi ishlar bajarildi, Mustaqillik bayramigacha 3,5 kilometr qismi to‘liq obod etiladi.
Shavkat Mirziyoyev barcha loyihalarni bajarishda sifat va muddatga e’tibor qaratish, uzoq kelajakni hisobga olish kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga safari yakuniga yetdi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.