Bundan ikki ming ikki yuz yil avval hozirgi Farg‘ona vodiysiga kelgan Xitoy imperatorining elchisi “Bu yurt hunarmandchilik rivojlangan madaniy markaz ekan” deb yozgandi o‘z hisobotida.
Darhaqiqat Marg‘ilon, Qo‘qon shaharlarida qadimiy hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. So‘nggi yillarda esa usta-shogird an’analari kuchaydi, oilaviy sulolalar hunarmandchilik turlarini san’at darajasiga olib chiqdilar. Aynan shuning uchun ham mana ikkinchi bora, Qo‘qonda Xalqaro hunarmandchilik festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Xabaringiz bor, festival kecha erta tongda birdamlik yurishidan boshlandi. So‘ng hunarmandchilik muzeyi ochildi.
“O‘zbekiston hunarmandchiligi” kitobi taqdimoti va ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Soat 19.30. Chorlov musiqasi ostida Qo‘qon O‘rdasi poyida yig‘ilgan 70 davlatdan kelgan ustalar, yurtimiz hunarmandlari ishtirokida II Xalqaro festivalning tantanali ochilish marosimi boshlandi.
Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning festival ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda, jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda 100 dan ziyod festival va forumlar o‘tkazilgani, Qo‘qonda o‘tayotgan II Xalqaro hunarmandchilik festivali esa san’at, do‘stlik va iste’dod rivojiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Butunjahon hunarmandlari kengashi prezidenti Saad Al-Kadumiy tahlikali dunyo voqealari davrida O‘zbekistonda bunday yorqin festival o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyov olib borayotgan tashqi va ichki siyosatning naqadar to‘g‘riligini ko‘rsatadi, dedi.
– Hech shubha yo‘qki, Qo‘qon festivali dunyo hunarmandchiligi taraqqiyotigaa ulkan hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Festival maydoniga ishtirokchi mamlkatlar bayroqlari olib kirildi.
Shundan so‘ng O‘rdaga uyg‘unlashgan sahnada O‘zbekiston san’at ustalarining gala konserti boshlandi.
– Men uzoq Italiyadan keldim. Qo‘lda to‘qilgan ipak matodan ko‘ylaklar dizaynini yarataman, – deydi hunarmand Antonella Alotto. – O‘zbekiston iste’dodlar mamlakati ekaniga ishonch hosil qildim. Qolaversa, davlat rahbaringiz san’atsevar inson deb bildik. Ularning tabrigida, ayniqsa, yoshlardagi qobiliyat katta iste’dodga aylanishi uchun barcha sharoitlar yaratilajagi haqidagi fikr menga yoqdi. Bu qadar go‘zal festivalda ishtirok etganimdan baxtiyorman.
Bugun 22 sentyabr kuni festival doirasida Rishton kulollar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov