Ba’zida taksi haydovchilari avtomobil yo‘llaridagi foto va videokameralar ko‘pligidan, ularning ayrimlari to‘g‘ri ishlamasligidan yoxud foto va videokameralar borligi haqidagi ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilmaganidan nolib qolishadi. Aslida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali tezlikni kamaytirish va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsad qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir kunda 3 mingdan ortiq odam yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘ladi. Respublikamiz yo‘llarida ham inson hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf solayotgan hodisalar soni ko‘payib borayotgani, yiliga bir necha minglab yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘layotgani, eng achinarlisi, buning oqibatida ko‘plab insonlar vafot etayotgani hammamizga ma’lum. Yo‘l-transport hodisalarining aksariyati tezlikni oshirish, harakat qoidalariga rioya qilmaslik, piyodalar o‘tish joyining yetishmasligi, yo‘l belgilarining aniq chizib yoki o‘rnatib qo‘yilmagani oqibatida ro‘y bermoqda.

Shu bois, yurtimizda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 4 aprelda “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, amaliyotga bir qator yangiliklar joriy etildi.

Sohada parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ramatovga “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida” parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Deputatlar ushbu masala yuzasidan qator savollarni o‘rtaga tashladilar. Jumladan, O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov “radar”lar masalasiga alohida to‘xtalib, ularni o‘rnatishdan maqsad yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilishi va haydovchilarni jarimaga tortishni maqsad qilib olmasligi kerakligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, xalq vakillari haydovchilarga yo‘lning qaysi qismida “radar” o‘rnatilganini oldindan bilish imkoniyati yaratib berilishi shartligi, ogohlantirish belgilari o‘rnatilgan taqdirdagina huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi lozimligini, “radar” va fotokamera qayerda joylashganini aniq bilmagan haydovchini ma’muriy javobgarlikka tortish noo‘rin ekanini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, avtomobil yo‘llaridagi foto va videokameralardan asosiy maqsad haydovchilarni “tuzoqqa tushirish”, jarimaga tortish emas, balki tezlikni kamaytirish va turli ko‘ngilsizliklarning, avtohalokatlarning oldini olish bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun esa ushbu zamonaviy qurilmalarni to‘g‘ri o‘rnatish va ularning o‘rnatilganligi haqida ogohlantirish belgilarini joylashtirish maqsadga muvofiq. Bu boradagi ishlar haqida esa batafsil parlament so‘roviga beriladigan javobda bilib olamiz.

Muhtarama Komilova, O‘zA