Dunyoni ezgulik saqlaydi, degan edi buyuk faylasuf Rumiy hazratlari. Qo‘qondagi II xalqaro hunarmandlar festivali ham alloma aytgan ezgulikning bir ko‘rinishidir. Bugun ertalab shahar markazidagi eng katta ko‘chaga qo‘l mehnatining peshvolari, san’ati bilan odamlarga ezgulik taratuvchilar yig‘ildilar. Ularni birlashtirgan narsa – hunar, hunar ne’matlari edi.

Alvon tasma kesilib Qo‘qon II xalqaro hunarmandlar festivaliga start berildi. U  70 ta xorijiy mamlakatdan kelgan 200 dan ziyod va yurtdoshlarimiz bo‘lgan   700  ta hunarmandlar birdamlik yurishidan boshlandi.

Birdamlik yurishida O‘zbekistonning barcha viloyatlari vakillari horijiy hamkasblari bilan ishtirok etishdi. Biz birin – ketin ularni so‘zga tutdik.

–Men Turkiyaning Kutaniya tumani hokimi doktor Olim Ishekman. O‘zbekistondagi tinchlik, barqarorlik havas qilgulikdir. Biz yetti nafar hunarmandlar bilan qatnashyapmiz. Zero o‘zbek va turk xalqlari birodar va ularning san’atlari ham hamohang. Men O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlayman. 70 ta mamlakat hunarmandlariga o‘zaro tajriba almashish imkonining berilishi ham ana shu ochiqlikning in’ikosidir.

–Men Birlashgan Arab Amirligidan Oysha Adlman. Sayyohlik kompaniyasini boshqaraman. Diyoringiz juda go‘zal ekan. Kelgusida albatta sayyohlar yuborish va qo‘qonliklarni esa Abu-Dabiga kelib dam olishlarini tashkil etaman.

Hunarmandlar festivali biz turoperatorlarga ham qulay imkoniyatlar yaratdi.

Bugun Hunarmandlik muzeyi ochilishi, ilmiy – amaliy konferensiyalar, Rishton kulollari forumi bo‘lib o‘tishi rejalangan. Bizni kuzatib boring.

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov