Shaharsozlik rivojlanishi natijasida atrof-muhit “cho‘llashib” borgan sari, tabiiy ofatlar qatoriga “chang bo‘ronlari” ham qo‘shildi. Vaqti-vaqti bilan yurtimizda ham kuzatilayotgan ushbu holat nafaqat ekologiyaga, balki salomatligimizga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Bunday sharoitda har qanday sog‘lom odam ham o‘zini noqulay his qiladi, nafas olishga qiynaladi. Ko‘pchilik faqat zaharli gazlardan himoyalanish kerak deb o‘ylaydi, lekin chang ham zarari jihatdan ulardan qolishmaydi. Chang inson organizmida to‘planish xususiyatiga ega, nafas olish va qon aylanish tizimida jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.
Changning zarari eng avvalo uning dispersligiga, ya’ni chang zarralarining o‘lchamlariga hamda nafas olish hududidagi konsentratsiyasiga bog‘liq. Inson uchun eng zararli changlar qatorida kvars yoki asbest changlarini sanab o‘tish mumkin. Undan keyin esa ko‘mir changi turadi. Lekin turidan qat’i nazar changlar o‘pkaning pnevmokonioz, chang bronxiti kabi kasalliklarini qo‘zg‘atishi mumkin.
Chang bolalarga ham jiddiy zarar yetkazadi. Ularning nozik o‘pkalari, ko‘zlarining shilliq qavatlari tashqi omillarga juda ta’sirchan bo‘ladi. Chang bo‘ronlari ayniqsa allergik kasalliklari, xususan bronxial astmasi bor bemorlar uchun xavfli. Bunday bemorlar shundoq ham nafas qisilishidan aziyat chekadilar, bu kabi bo‘ronlar esa ularni yanada mushkul vaziyatga tushiradi.
Yuqori nafas yo‘llarining mavsumiy kasalliklaridan aziyat chekayotganlar ayniqsa chang ta’siriga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim.
Chekuvchilar ham bunday paytda jiddiy sinovdan o‘tadilar. O‘pkaning katta qismini tamaki zahari bilan ishdan chiqarib bo‘lganlar uchun qolgan sog‘ qismlar nafas olish hajmini yetarlicha ta’minlolmay qolishi mumkin.
Xo‘sh, chang nimasi bilan xavfli?Qanday himoyalanish mumkin? Batafsil videolavhamizda tanishishingiz mumkin bo‘ladi:
Batafsil:
“Salomatlik sirlari” ruknini kuzatib boring, o‘zingiz va yaqinlaringiz sog‘ligiga e’tiborli bo‘ling.
M.Turdaliyeva, A.Sodiqov O‘zA