O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan joriy yilning sentyabr oyidan boshlab ID-karta, ya’ni shaxsni, fuqarolikni tasdiqlaydigan hujjat bilan o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Bu ikki davlat fuqarolari uchun juda katta qulaylik bo‘ldi.
O‘zbek va qirg‘iz xalqi azaldan yaxshi qo‘shni, bir-biriga yelkadosh bo‘lib yashab kelgan. Shuning uchun bobolarimiz quda-andachilik qilib, ahil-inoq hayot kechirgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarida yangi tarixiy davr boshlandi. Do‘stona va yaqin qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlandi, barcha sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Chegara postlari ochildi, do‘stlik, birodarlik rishtalari mustahkamlanishiga erishildi. Bugungi kunga kelib O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yechimi yo‘q masalalar qolmaganligi amalda o‘z isbotini topmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma kuchga kirishi munosabati bilan ikki davlat hududiga kirish, undan chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turish uchun identifikatsiya kartasidan amalda foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bayonnoma bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ikkala mamlakat fuqarolari uchun davlat chegarasini kesib o‘tishning soddalashtirilgan yagona tartibi joriy etildi.
Farg‘ona viloyati bilan qo‘shni davlatni bog‘lovchi to‘rtta chegara-bojxona postlarining barchasida ayni kunlarda yangi tartibga asosan ish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu qulaylik ikki davlat chegara postlaridan o‘tishdagi ortiqcha ovoragarchilik va vaqt sarflashning oldini oladi. Bu yangilikdan fuqarolarning quvonchi cheksiz.
– Ikki singlim Qirg‘izistonga kelin bo‘lib tushgan, to‘y-ma’rakalari, yaxshi-yomon kunlarida yonlarida bo‘lishga intilamiz. Yurtboshilarimizga ming rahmat, mana, chegaralar ochildi, bemalol bordi-keldi qilyapmiz, – deydi Rishton tumanida yashovchi Alijon Sarimsoqov. –Ilgari chegaradan o‘tish uchun xorijga chiqish pasporti talab qilinar, har bitta postda muhr bosilardi. Endi bitta ID-kartaning o‘zi kifoya, xorijga chiqish pasport sahifalari to‘lib qoladi, degan hadik ham yo‘q. Soatlab kutish va turnaqator navbatda turishlar ham bartaraf etildi.
Bu qulaylik Farg‘ona viloyatining anklav hududdagi So‘x tumani va Cho‘ng‘ara qishlog‘i ahli uchun ayniqsa, quvonarli bo‘ldi. Zarur yumush bilan Rishtonga yoki viloyat markaziga kelib-ketish birmuncha osonlashdi.
– Farg‘ona davlat universitetida o‘qiyman. Yil davomida to‘rtta post orqali o‘qishga qatnash natijasida pasportimiz sahifalari to‘lib ketar, yangisiga almashtirishga majbur edik. Bu yangilik nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaqin hamkorlik bardavom bo‘lsin, – deydi So‘x tumani Tul qishlog‘ida yashovchi Nigina Haydarova.
– Bozor-o‘charga, texnika ustalari yoki shifokorlarga ishimiz tushganda Rishtonga kelamiz. O‘zbekistonda do‘stlarim juda ko‘p, ular bilan bordi-keldi qilamiz. Ba’zida bir kunda ikki-uch marta kirib chiqishga to‘g‘ri keladi. ID-karta bilan chegaradan o‘tish juda qulay bo‘ldi. Uzun navbatlarning ham oldi olinadi. Do‘stligimiz yanada rivojlanaversin, – deydi Qadamjoy tumani Oq-turpoq qishlog‘ida yashovchi Shodibek Ashurov.
Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘i purviqor tog‘lari, zilol soylari va so‘lim tabiati bilan mashhur. Anklav hududda joylashgan qishloqqa borish uchun ilgarilari fuqarolarimizdan xorijga chiqish pasporti talab qilinardi. Endilikda ID-karta bo‘lsa kifoya.
Ma’lum bo‘lishicha, ikki davlat chegarasidan har kuni 25-30 ming kishi o‘tadi. Mazkur qulaylik esa qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkam bog‘lashga xizmat qilmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA