Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ikki davlat chegarasidagi bahsli uchastkalar bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi davrasini yakunladi. Payshanba kuni Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ushbu xabarni tarqatdi.
“2023 yil 10 dan 16 martgacha Dushanbe shahrida tomonlar erishgan shartnomaga ko‘ra, Qirg‘iziston Respublika bilan Tojikiston Respublikasi topografik ishchi guruhlarining ikki davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiyalash bo‘yicha navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi”, – deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, uchrashuv yakunlari bo‘yicha “tegishli protokol” imzolangan. Hujjatning bandlari ochiqlanmagan.
“Navbatdagi uchrashuv Qirg‘iziston Respublikasi hududida bo‘lib o‘tadi”, – deyiladi Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati tarqatgan xabarda.
Qirg‘iziston bilan Tojikiston davlat chegaralari uzunligi taxminan 980 kilometrni tashkil etadi. Chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar 2002 yil dekabr oyidan buyon davom etmoqda. Hozirgacha chegaralarning uchdan ikki qismi aniqlab olingan, qolgan qismi bahsli bo‘lib turibdi.