Bangkokda poyoniga yetib borayotgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu bokschi qizlarimiz bilan qo‘shib hisoblaganda 18 nafar vakilimiz qit’a chempionati oltin medallari uchun kurash olib boradi, deganidir.

Kecha o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan yarim final janglarida 48 kilogrammda Shodiyor Meliqo‘ziyev filippinlik Lester Durensni, 60 kiloda Dilshod Abdumurodov indoneziyalik Fido Rafaelni, 63,5 kilogrammda Shahboz Yunusaliyev qirg‘izistonlik Askat Kultayevni, 67 kg.da Bekzod Hamidov qirg‘izistonlik Ixtiyor Nishonovni, 71 kg.da Nurislom Ismoilov qirg‘izistonlik Nuradin Rustambek Uuluni, 75 kg.da A’loxon Abdullayev tojikistonlik Abdumalik Boltayevni, 80 kilo og‘irlikda Jasurbek Yo‘ldoshev qozog‘istonlik Yerasil Jakpekovni, 86 kiloda Shohjahon Abdullayev qozog‘istonlik Nursultan Bolotbayevni, 92 kilogrammda: Nusrat Tohirov qozog‘istonlik Yerxat Bekzatni va +92 kilogrammda Jahongir Zokirov qozog‘istonlik Amanat Sabirgalini mag‘lub etishdi va finalda oltin medal uchun kurashish huquqiga ega chiqdi.

Vakillarimizdan faqat 51 kilogrammda harakatlangan Muhammadqodir Mamirjonov final ostonasida tailandlik Tanarat Sayengpetga imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan kifoyalandi.

E’tiborli jihati, qit’a chempionati yarim finalida 24 ta jang o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari eng ko‘p final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Qozog‘iston terma jamoasi a’zolarining 6 nafari oltin medallarga da’vogarlikni davom ettiradigan bo‘ldi. Ulardan keyingi o‘rinlarni Xitoy, Hindiston, Tailand, Kombodja jamoalari joy olishdi.

O‘tkazilgan yarim final janglarining eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri hamyurtimiz Shohjahon Abdullayev va qozog‘istonlik Nursultan Bolotbayev o‘rtasida kechdi. Ushbu jangda iste’dodli bokschimiz raqibini 1-raunddayoq nokautga uchratganligi qit’a chempionatidagi shov-shuvli natijalardan biri sifatida e’tirof etildi.

Bugun 24 yanvar chempionat ishtirokchilari uchun dam olish kuni etib belgilangan. Qit’a chempionatining qizlar o‘rtasidagi final janglari 25 yanvar kuni, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi finallar esa 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

 

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA