Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Toshkent shahriga kuniga 130 ming tonna yuklar katta hajmli mashinalarda kirib chiqadi. Bu poytaxtda tirbandlik, yo‘llar sifati va havoning tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq va Toshkent tumanlarida yuk taqsimlovchi yirik ulgurji savdo logistika markazlarini qurish orqali bu masalani hal qilish mumkinligi aytildi.

Viloyat hokimlariga ikki oy muddatda xalqaro yo‘llar kesishmalarida yirik savdo va logistika markazlarini tashkil etish loyihalarini boshlash vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent tumanidagi “G‘ishtko‘prik” bojxona postini kengaytirish, 11 kilometr yo‘l bo‘yini zamonaviy qiyofaga keltirish, 400 gektar maydonda savdo va logistika markazini tashkil etish hisobiga kuniga 5 mingta yuk transporti, 35 ming kishiga xizmat qiladigan infratuzilma yaratsa bo‘ladi.

 

O‘zA