Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yil rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Qayd etilganidek, birinchi yo‘nalishda – xizmatlar 158 ta qishloq tumanlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Ushbu tumanlarning 70 tasida 150 minggacha, 88 tasida 300 minggacha aholi yashaydi.

Eng avvalo, yirik turistik ob’ektlari mavjud 45 ta hamda 40 ta tog‘li va tog‘oldi tumanda “tayyor loyiha” asosida turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

– Masalan, Shahrisabz tumanining “Navro‘z”, “Miraki”, “Oqdaryo” va “Hisor” hududlariga yiliga 500 mingga yaqin sayyohlar keladi. Lekin, yo‘l, mobil aloqa va internet, mehmonxona, umumiy ovqatlanish infratuzilmasi rivojlanmagani bois, sayyohlar bir kunga kelib, ularga o‘rtacha 150 ming so‘mlik xizmat ko‘rsatilmoqda. Agar ushbu hududdagi 65 kilometr yo‘lni ta’mirlab, internet va mobil aloqa hal qilib berilsa, xizmatlar 3-4 barobarga oshadi,– dedi davlatimiz rahbari.

Xuddi shunday Qamashida jahonda sanoqli va noyob bo‘lgan “Maydanak” observatoriyasi hamda XIV asr yodgorligi hisoblangan “Langar ota” masjidiga butun dunyodan turistlarni jalb qilsa bo‘ladi. Biroq, ushbu ob’ektlarga olib boruvchi 38 kilometr yo‘l ta’mirtalab bo‘lgani uchun bu salohiyatini to‘liq ishga solib bo‘lmayapti.

– Endi, turistik salohiyati yuqori bo‘lgan tumanlarning “master plani” ishlab chiqilib, zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi, yerlar tadbirkorlarga tayyor loyiha bilan auksionga chiqariladi. Bu ishlarni dastlabki bosqichda boshlashi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi,– dedi Prezidentimiz.

Mutasaddilarga bir hafta muddatda ushbu mablag‘larning moliyaviy manbalarini aniq belgilab, Prezident Administratsiyasiga axborot kiritish vazifasi topshirildi.

Yangi mehmonxona, dam olish maskanlari uch yil davomida mol-mulk va yer solig‘ini 2 barobar past stavkada to‘laydi;

– turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etilib, uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada, mol-mulk va yer soliqlari esa, hisoblangan summadan 1 foizi miqdorida belgilanadi;

– oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida, mehmon uylarini tashkil etish va ta’mirlash uchun ham imtiyozli kredit ajratiladi.

Buning uchun kelgusi yilda 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

O‘zA