Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev dastlab tumandagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbari mazkur zamonaviy majmua qurilishiga 2019 yil 20 noyabrda tamal toshi qo‘ygan edi. Bu galgi tashrifda bunyodkorlik ishlarining borishi ko‘zdan kechirildi.

bugungi kunda 20-25 qavatli 6 ta ofis binosi qad ko‘targan. Konferensiya zali qurilishi yakuniy bosqichga kirgan.

Bu yerda jami 17 ta imorat barpo etiladi.

Texnologik parkda IT-tashkilotlar, universitet, konferensiya zali, kovorking markazi o‘zaro uzviy faoliyat olib boradi. Majmua hududida xizmat uylari, mehmonxona, kafe va restoranlar, do‘konlar, sport maydoni, dam olish joylari ham bo‘ladi. Yer ostida 3 qavatli avtoturargoh quriladi.

Prezidentimizga ushbu ob’ektlarda bo‘ladigan sharoitlar, sohadagi natijalar haqida ma’lumot berildi.

Zamonaviy sharoitlar yaratilib, yetuk mutaxassislar tayyorlanayotgani samarasida so‘nggi besh yilda axborot texnologiyalari sohasida eksport hajmi 50 barobardan ziyod o‘sgani qayd etildi.

– Hozirgi zamonda xizmatlarning katta qismi axborot texnologiyalari orqali ko‘rsatilayapti. Boshqa sohalarning ham samaradorligi shunga bog‘liq. Shuning uchun bu yerdagi sharoitlarni kengaytirib, zamonaviy IT-xabga aylantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda uning tizimidagi quyi tashkilotlarni shu yerga ko‘chirib, bank va IT-kompaniyalarni jalb etib, texnoparkni yaxlit kompleks tarzida rivojlantirish, soha vakillari uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda IT sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tadbirkorlar bilan suhbatlashdi, shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahallalar raislari hamda tuman hokimining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari bilan muloqot qildi.

Prezidentimiz 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan, geologik tadqiqotlar iqtisodiyotning hamma sohalari uchun kerakligi, tashxissiz bemorni operatsiya qilish imkonsiz bo‘lgani kabi geologiyasiz sanoatni rivojlantirib bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan  edi.

So‘nggi yillarda geologiya sohasiga katta mablag‘lar ajratilib, eng ilg‘or texnologiyalar olib kelindi. Yerosti boyliklarning zaxirasi ham, prognoz resurslari ham ko‘paydi. Ularni qazib, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun malakali kadrlar ham zarur.

Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yili Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti tashkil etilgan edi.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbari yangi universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

– Geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur. Oxirgi yillarda ilmiy maktablarni tiklab, kadrlar tayyorlashga e’tibor qaratayapmiz, eng ilg‘or ilmiy metodikalarni joriy etib, laboratoriya uskunalarini o‘rnatib, zamonaviy sharoitlar yaratayapmiz. Endi natijaga ishlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda universitetda bakalavriat bo‘yicha 7 ta va magistratura bo‘yicha 6 ta yo‘nalishda umumiy 700 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. Bu yo‘nalish va mutaxassisliklarni soha ehtiyojiga qarab kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, 5 yillik tajribaga ega, geologiya sohasida ishlab kelayotgan xodimlar uchun ta’limning sirtqi shakli tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda talabalar, professor va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

Loyihaning birinchi bosqichida o‘quv binosi, yotoqxona hamda 2 ta ilmiy institut, kutubxona, laboratoriya va geologiya muzeyi binolari qurildi.

Ikkinchi bosqichda 7 qavatli laboratoriya, 5 qavatli Davlat geologiya qo‘mitasi ma’muriy binosi, 7 qavatli geologiya fondi va O‘zbek geologiya qidiruv binosi hamda sport kompleksi quriladi.

Prezidentimiz qurilishni sifatli yakunlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Universitet tarkibida H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi hamda Davlat geologiya muzeyi faoliyat yuritadi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev tumandagi mehnat ta’limiga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘ldi.

Bu muassasa 1976 yilda qurilgan bo‘lib, 1 ming 178 o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin bugungi kunda o‘quvchilar soni bunga nisbatan ko‘p. Bino va jihozlar ham eskirgan.

Davlatimiz rahbari sinfxonalar, sport zali va oshxonani ko‘zdan kechirdi. Maktab uchun yangi bino qurish, yoshlarga hunar o‘rgatish, amaliyot darslarini korxonalarda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Hamma joyda zamonaviy korxonalar ochilayapti, investitsiya loyihalari amalga oshirilayapti. Ularni yuritadigan salohiyatli kadrlar kerak bizga. Shuning uchun ham muallim va maktablarga, ta’lim sifatini yaxshilashga alohida e’tibor berayapmiz. Salohiyatli kadrlar raqobatni paydo qiladi. Qayerdaki raqobat bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.

Muloqotda tibbiyot va maktab ta’limini rivojlantirishga qaratilayotgan ustuvor e’tibor, hokim yordamchilari faoliyatining mazmun-mohiyati, ular vaqt o‘tgach, pastdagi muammolarni o‘z boshidan o‘tkazgan, salohiyatli kadrga aylanishi, shu orqali katta kadrlar zaxirasi shakllantirilishi haqida so‘z bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tumandagi 7-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi.

Mazkur muassasa so‘nggi bor 1991 yilda kapital, 2018 yilda esa joriy ta’mirlangan. Uning quvvati 250 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, hududdagi 8 ta mahallada yashovchi 41 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yordamchi bo‘limlardan fizioterapiya, funksional diagnostika, endoskopiya, markaziy klinik laboratoriya, rentgen, ultratovush diagnostikasi hamda kunduzgi shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Hozirgacha hududdagi aholining 93 foizi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 5 ming 518 nafar fuqaro uchun sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Davlatimiz rahbari poliklinikani zamonaviy tarzda kapital ta’mirlash, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Mavjud diagnostika uskunalari ma’nan eskirganligi sababli yangilariga almashtirish lozimligi ta’kidlandi.

– Ambulator va statsionar tibbiy xizmatni o‘zida jamlagan yangi tajribani amaliyotga joriy qilish kerak. Oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan aholiga sifatli va arzon xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tish orqali hududdagi shifoxonalar bilan sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish lozim, – dedi Prezident.

Shu yerda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tibbiyot muassasalari faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Avazbek XUDOYQULOV,

Abdulaziz MUSAEV,

O‘zA muxbirlari