Jinoyatlarning kelib chiqish sabablari aholi orasida keng muhokama etilishi va fuqarolar bilan bog‘liq muammolar sayyor sudlarda ko‘rib chiqilib, joyida ijobiy hal qilinishi natijasida mamlakatimizda jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,6 foiz kamaygan.

Ichki ishlar organlari xodimlari olti milliondan ortiq xonadonga borib, ulardagi mavjud muammolarni o‘rganib, jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda bartaraf etish choralarini ko‘rdi. Oilalarda kelib chiqayotgan turli muammolarga e’tibor qaratilib, sodir etilgan qariyb 13 ming huquqbuzarlik holati mahallalarda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda muhokama qilindi.

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ana shular haqida ma’lumot berildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda Oliy va o‘rta maxsus, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Anjumanda mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz tomonidan har haftaning payshanbasi huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni deb e’lon qilingani samarasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga erishilmoqda.

Huquqbuzarlik holatlarining oldini olishda mahalla imkoniyatlaridan, profilaktika inspektorlari ish faoliyatidan keng foydalanilmoqda. Profilaktika inspektorlarining ish samaradorligini va mas’uliyatini oshirish, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitini yaratib berish choralari ko‘rilayotir. Profilaktika inspektorlari jamoatchilik vakillari bilan birgalikda fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida tunu kun xizmat olib borganligi natijasida joriy yilda qariyb 1 ming 100 mahallada jinoyat sodir etilmadi.

Matbuot anjumanida oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida muhokamalar o‘tkazilib, oilalardagi notinchliklarga barham berilib, oilaviy ajralishlarning oldi olinganligi qayd etildi. Xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatilishini ta’minlash maqsadida qariyb 6 ming sayyor qabul va uchrashuv tashkil etilib, aholi o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi. Aholini ijtimoiy ahamiyatga molik huquqbuzarliklar haqida xabardor qilish, ularning ogohligini kuchaytirish, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida mahallalarda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar sayyor sudlarda ko‘rib chiqilishi jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga ichki ishlar organlari xodimlari javob qaytardi.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA