Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patentni Oʻzbekistonda rasmiylashtirish mumkin

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patentni rasmiylashtirish uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi boʻyicha testni Oʻzbekistonda topshirish toʻgʻrisida turli izohlar bildirilmoqda.
Rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligini bilish sertifikati patent olish uchun majburiy hisoblanadi.
Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlari tarixida birinchi marotaba Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) oʻrtasida imzolangan kelishuvga muvofiq rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi boʻyicha testni Oʻzbekistonda topshirish va tegishli sertifikat berish imkoniyati yaratilgan.
Ushbu imkoniyat Oʻzbekiston fuqarolariga bir nechta qulaylik yaratmoqda. Misol uchun, bu sertifikatni Oʻzbekistonda olish fuqarolar uchun moliyaviy xarajatlarni kamaytiradi. Sababi, Rossiya hududida patentni rasmiylashtirish oʻrtacha 20-30 kun vaqt talab etiladi. Ushbu vaqt oraligʻida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu mehnat migrantlaridan yashash va ovqatlanish uchun ortiqcha xarajat talab etadi.
Fuqaro Oʻzbekistonda boʻlgan paytda rus tili testini topshirishi Rossiyada boʻlgan paytga qaraganda kamroq xarajatlarni talab qiladi. Shu bilan birga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va RUDN oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq testni topshira olmagan fuqarolar qayta test topshirish uchun hech qanday toʻlov toʻlamaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bildirayotgan izohlarda bir yil muddatga beriladigan sertifikat haqida gap ketmoqda. Oʻzbekistonda esa sertifikat besh yilga beriladi. Patent har bir yil uchun yangitdan rasmiylashtirishini inobatga olgan holda, Rossiya hududida berilayotgan sertifikat narxi ancha yuqori boʻlib chiqadi.
Bundan tashqari, bir yillik sertifikat Rossiyaning faqat bitta hududida, besh yillik sertifikat esa butun Rossiya hududida amal qiladi.
Muhimi, Rossiyada sertifikatni olish test topshirgandan keyin 3 kundan 7 kungacha vaqt talab etadi. Oʻzbekistonda esa testning ertasi kuni sertifikat beriladi.
Qayd etish lozimki, Rossiya Ichki Ishlar vazirligining patent uchun hujjatlarni rasmiylashtiradigan “Pasport va viza xizmati”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasining ochilishi, patent uchun tibbiy koʻrikdan Oʻzbekistonda oʻtishni tashkil etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu esa fuqarolarga patentni olish uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.

 

O’zA