3 yoshli ukasini boʻgʻib oʻldirgan oʻsmir qizga hukm oʻqildi

Taxiatosh tumanida joriy yil 22-yanvar kuni 3 yoshdi oʻgay ukasini boʻynidan boʻgʻib oʻldirgan 10-sinf oʻquvchisi Venera Alimova (ismi-sharifi oʻzgartirildi)ga sud hukmi oʻqildi. Mudhish voqeaga bolaning oʻgay opasi (V.Alimovaga)ga “men bilan oʻyinchoq oʻynamading” deb haqorat qilishi sabab boʻlgan, ammo suddagi koʻrsatmalarga koʻra, buning zamirida jiddiy ruhiy holat va oiladagi nazoratning yoʻqolishi sabab boʻlgan.
Voqea qanday yuz bergan?
2020-yil 22-yanvar kuni soat 18:40 lar chamasida, uyida onasi va ugay otasi yoʻq paytida V.Alimovaning qoshiga 2016-yilda tugʻilgan oʻgay ukasi Sarvar Alimov (ismi-sharifi oʻzgartirildi) keladi va birga oʻyin oʻynashni soʻraydi. Oʻgay opaning koʻngil hushi yoʻq va bu vaqtlarda u oʻzining yashash tarziga nolib, hayotidan bezib yurgan payti edi. Ukasining iltimosini rad etadi. 3 yoshli bola opasining birga oʻynamaganligi uchun uni haqorat qilib, soʻkadi. Koʻpdan buyon alamini ichiga yutib yurgan oʻsmir qiz oʻgay ukani avval qoʻllari bilan urib, oyogʻi bilan tepkilab, krovat ustiga yotqizib, buynini qoʻllari bilan, keyin shu yerda yotgan oq rangli metall sim boʻlagi bilan bugʻa boshlaydi. Sim qoʻlida turmaganligi sababli buynidan ayollar rumoli bilan bugʻadi. 3 yoshdagi bolakay bu harakatlarga faol qarshilik koʻrsata olmasdi va u hushini yoʻqotib chala jon boʻlib qoladi. Oʻsmir qiz ukasi S.Alimovning oʻlganiga ishonch hosil qilish maqsadida uning nafas olish yoʻllariga havo keltirmaslik uchun bet yuzini 15 minutgacha yostiq bilan bosib turib, oʻta shafqatsizlik bilan qasddan oʻldiradi.
Voqea boʻyicha avvalida real vaziyat ochiqlanmaydi, lekin ish boʻyicha tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasi bolaning oʻlimiga boʻyin qismining tashqi taʼsir tufayli bugʻilishi oqibatidagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligini isbotladi. Keltirilgan dalillarni oʻsmir qiz tan oladi.
Qotillikka nima sabab boʻlgan?
V.Alimovaning ota-onasi 2013-yilda ajrashib ketadi. Ota-onalari uni va ikki ukasini Xoʻjaylidagi “Mehribonlik uyi”ga, eng kichkina ukasini esa Taxiatoshdagi “Goʻdaklar uyi”ga topshiradi.
Onasi boshqa erga tegadi va 2016-yilda oʻgʻil koʻradi.
2019-yilda V.Alimova onasining qoʻliga tarbiyalanishga qaytadi, lekin ukalari “Mehribonlik uyi” va “Goʻdaklar uyi”da qolishadi.
Sudlanuvchining koʻrsatmasi boʻyicha, onasi va oʻgay otasi unga doimo yomon munosabatda boʻlib kelishgan.
Voqea sodir boʻlgan kuni tushlikni birga tanavvul qilib boʻlgandan keyin qiz onasi bilan gap talashib qoladi. Keyinchalik otasi ham onasi ham ishga ketadi. Uyda 3 yoshar oʻgay ukasi S.Alimov bilan qoladi.
Qiz onasining gaplarini hazm qila olmay boshi ogʻrib krovatda yotib qoladi. Ukasi oʻynagisi kelib, qayta-qayta qoshiga kelib osila beradi. U boshi ogʻrib, yomon kayfiyatda boʻlganligi bois ukasini qaytarib tashlaydi. Shu payt, ukasi unga yomon gap aytib, haqorat qiladi, soʻkadi. Onasi bilan janjallashib, jonidan toʻyib, chidami tugab turgan vaqtda uning soʻkingani qattiq jahlini chiqaradi va urib, tepib tashlaydi. Ukasi yigʻlab krovatga yotib qoladi. Shu vaqtda oʻgay opasi uni ikki qoʻli bilan bugʻib boshlaydi va miyasida uni oʻldirish niyati paydo boʻladi hamda boʻynidan sim bilan bugʻadi, nihoyat uni oʻldiradi. Oʻlganiga aniq ishonch hosil qilgandan keyin oʻzi ham tinch uxlab qoladi.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili va ikkalasining ham onasi Muyassar Alimova (ismi-sharifi oʻzgartirildi)ning koʻrsatmasi boʻyicha qizi Venera 7-sinfdan 10-sinfgacha Xoʻjaylidagi “Mehribonlik uyi”da tarbiyalangan va shu yerda oʻqigan. U yerda yana ikki oʻgʻli ham bor. Ulardan vaqti-vaqti bilan xabar olib turgan. Qizi 9-sinfni tugatgandan keyin uyiga, onasining qoʻliga kelgan. Shu paytdan oilada eri, 2016-yilda tugʻilgan oʻgʻli Sarvar, qizi bilan toʻrt nafar kishi boʻlib yashay boshlagan. Qizining xulq-atvori “Mehribonlik uyi”dan kelgandan keyin juda oʻzgargan, birdan jahli chiqadigan boʻlib qolgan.
2020-yil 14-yanvar kuni qizi qoʻshnisi R. ismli bola bilan aroq ichib oʻtirganida ushlab olib, ichki ishlar xodimlarini chaqirib ularga topshirgan. Keyinchalik maktabda tibbiy koʻrikdan oʻtganida qizida bronxit kasalligi va kistasi borligi aniqlanadi va 17-yanvar kuni uni sanatoriyaga olib ketishadi. 22-yanvar kuni sogʻligi yaxshi, deb uyiga qaytariladi. Eri ishga ketadi. Qizi shim kiyib, boʻyanib yurganligi uchun unga “qizim, shim kiyma, koʻylak, ishton kiyib yur, boʻyanma, koʻzlaringdagi buyoqlarni oʻchir” deb nasihat qilib koyiydi va bolalarining sirtidan ilib ishga ketadi. Ishdan kelgan vaqtda oldidan qizi chiqadi va “Sarvar ikkalamiz uxladik” deydi.
Keyin eriga “Sarvarni uygʻot” deydi, u ichkariga kirib bolasini uygʻotmoqchi boʻlsa, bolasi tilini tishlab, jonsiz holda yotganini koʻradi.
– Voyaga yetmaganlarning jinoyat koʻchasiga kirishiga sabab boʻladigan omillar – oiladagi nobop muhit, moddiy yetishmovchilik, bolalarning qarovsiz, nazoratsiz qolishi, ommaviy axborot vositalarida, filmlarda zoʻravonlik, shafqatsizlikning targʻib qilinishi, taʼlim muassasalarida samarali profilaktik ishlar olib borilmasligi, voyaga yetmaganlarning boʻsh vaqti mazmunli tashkil etilmaganligi hamda ijtimoiy ogʻir ahvolda qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga oʻzini-oʻzi boshqarish organlari hamda keng jamoatchilik tomonidan yetarlicha eʼtibor bermasligi, – deydi ushbu jinoyat ishini koʻrib chiqqan Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha sudining raisi Gulnora Bazarboyeva. – Oʻsmir nima sababdan jinoyat koʻchasiga kirib qolganini anglab yetish uchun, eng avvalo, uni qurshab turgan ijtimoiy muhit, shart-sharoit va uning oʻsmir shaxsiga qanday taʼsir etganligini tahlil qilish lozim. Ichki psixologik sabablar, salbiy shaxs sifatlari, yaʼni noqonuniy xulq, qatʼiy hayotiy maqsadlarning mavjud emasligi, tashqi salbiy muhit va oilada tarbiyaning yaxshi emasligi unda jinoyatchilik xulqining shakllanishiga qulay imkoniyat yaratadi.
Oʻsmirga 6 yillik qamoq jazosi tayinlandi
Voyaga yetmagan V.Alimova tomonidan sodir etilgan ushbu voqea yuzasidan jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha sudida 2020-yil 28-iyul kuni mazmunan koʻrib chiqildi. Voyaga yetmagan V.Alimova Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v,j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, sud tomonidan unga jazo tayinlashda u jinoyatni voyaga yetmagan 15 yoshda sodir etganligi, ayol kishi ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, dastlabki va sud tergovlarida aybiga toʻliq iqror boʻlib, chin koʻngildan pushaymon ekanligi, jinoyat sodir etishiga oiladagi ogʻir sharoit, xususan uning onasi bilan oʻrtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik, onasining va oʻzining yashash tarzidan qoniqmasligi, onasi bolalarini davlat tarbiyasiga topshirib qoʻyib, oʻgʻliga koʻproq eʼtibor berib, uni yaxshi koʻrishi, oʻzi yoshligi sababli hayotni tushunmasdan onasiga achchiqlanib, uning uch yashar oʻgʻlining umriga qasd qilganligini hisobga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 85-moddasi 2-qismining “v” bandiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
P.S.: Bir yosh oʻsmir qilmishiga yarasha jazo oldi, ammo jamiyatimizda shunday oilalarda ota-onasi, yoshi katta qarindosh-urugʻlari tomonidan kamolga yetib kelayotgan yosh avlodning ongiga xuquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini, shuningdek, odob-axloq qoidalarini chuqur singdirib bormaganliklari, ularning kundalik hayot tarziga, atrof-muhitida duch kelayotgan muammolariga yetarli darajada eʼtibor qilmasdan, ularning kelajagiga beparvo munosabatda boʻlishi natijasida yuqoridagi kabi jinoyatning sodir etilib, voyaga yetmagan qizning sudlandi degan tamgʻa olishiga hamda bir norasida goʻdak umrining zavol topishiga olib keldi.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA