Xalq banki xalq xizmatida

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Yurtimiz bank-moliya tizimida roʻy berayotgan oʻzgarish, yangilik va yaratilayotgan qulayliklar samarasida Xalq banki tomonidan ham aholi uchun valyutaning erkin konvertatsiyasi yoʻlga qoʻyildi, plastikdan naqd pul olish imkoniyatini beruvchi 25 bankomat oʻrnatildi. Ayni paytda bank tomonidan yana 200 bankomat sotib olish boʻyicha shartnoma tuzilgan. Ularni joriy yil yakuniga qadar va 2019-yilning yanvar oyida oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda yurtimizda bankning 3 ming 200 dan ortiq muassasalari mijozlar uchun xizmat koʻrsatib kelmoqda. Joriy yilning 9 oyida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 1 trillion 426,4 milliard soʻmlik kreditlar ajratildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1,1 foizga oʻsgan. Shuningdek, bank tomonidan oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni, chorvachilikni kengaytirish, xizmat koʻrsatish va servis turlarini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari hamda ayollar tadbirkorligiga keng yoʻl ochish boʻyicha kredit ajratilmoqda.

– Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga Xalq banki masʼul etib biriktirilgan, – dedi bankning kredit operatsiyalari departamenti boshqarma boshligʻi Sherzod Xoʻjanov. – Shundan kelib chiqib, bank tomonidan 2018-2019 yillar davomida respublikamiz hududida chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan dasturga koʻra, 876 loyiha asosida 71 ming 434 bosh naslli qoramol, 17 ming naslli echki, 42 ming 230 qorakoʻl va hisori qoʻy hamda 1 ming 200 bosh tuya olib kelinadi. Buning natijasida 6 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Bank tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga bankdan toʻlov terminallari olish uchun elektron ariza berish amaliyoti, “Xalq mobayl” mobil ilovasi orqali onlayn konversiya va onlayn depozit xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mobil ilova yordamida QR-kod orqali tovar va xizmatlarga joyida toʻlov qilish hamda kredit olish uchun onlayn ariza topshirish kabi zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

photo5404660891531716963.jpg

Davron Sunnatov, OʻzA