Xalq qabulxonalari bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashi Qarshi shahri misolida tushuntirib berildi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.
Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.
Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.
Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.
Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlandi.
O‘zA