Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi

5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari farmatsevtika inson salomatligi, aholi hayot sifati va mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq strategik soha ekanini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda sohani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi. Jumladan, o‘tgan to‘qqiz yilda tarmoqqa 1 milliard 800 million dollar investitsiya kiritilib, 140 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 300 dan ortiq farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning 58 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dori vositalari ishlab chiqaradi.
Natijada farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 3,5 barobar o‘sib, 7 trillion 300 milliard so‘mdan oshdi. Mahalliy dori vositalarini ishlab chiqarish esa 2 karra ko‘paydi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlari 55 ta davlat bozoriga yetkazilmoqda. Tarmoqdagi ish o‘rinlarining soni esa 40 mingdan oshdi.
Umuman olganda, mamlakatimizda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi qariyb 2,5 milliard dollarga yetgan.
Mutasaddilar oldiga joriy yilda farmatsevtika sohasiga kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, sifatni oshirish va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali ichki iste’moldagi mahalliy dorilar ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish ichki bozorda mahalliy dori vositalari ulushini 2030-yilgacha 70 foizga yetkazish hamda kelgusi besh yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga olib chiqish vazifalari qo‘yildi.
Respublikada 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika sanoat zonasi tashkil etilgan bo‘lib, ular uchun barcha zarur infratuzilma yaratilgan. Biroq ayrim hududlarda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani qayd etildi.
Jumladan, 25 gektar maydonni egallagan Jizzax farmatsevtika zonasida o‘tgan yili bir so‘mlik ham mahsulot ishlab chiqarilmagan. Bo‘stonliq tumanidagi 14 gektar yer maydoni esa 2017-yildan beri bo‘sh turibdi. Shuningdek, o‘tgan yili Jizzax va Samarqand viloyatlarida birorta ham farmatsevtika loyihasi ishga tushirilmagani, Buxoro va Xorazmda esa investitsiya loyihalari juda kamligi tanqid qilindi.
Yig‘ilishda farmatsevtika sohasi tadbirkorlari tomonidan bildirilgan takliflar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, farmatsevtika zonalari mavjud bo‘lmagan hududlardagi korxonalarga ham mazkur zonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlarini qo‘llash masalasi ko‘tarildi.
Prezidentimiz mazkur taklifni qo‘llab-quvvatladi va farmatsevtika korxonalari uchun qator yangi imkoniyatlarni e’lon qildi.
Jumladan, joriy yil 1-apreldan boshlab farmatsevtika vositalarini ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi. Loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk solig‘i ham undirilmaydi.
Shuningdek, biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilar uchun xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar importi bojlardan ozod qilinadi. Farmatsevtika korxonalariga o‘zining liniyasida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Endilikda har yili 1-iyulga qadar mahalliylashtirish maqsadga muvofiq bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi. Ushbu ro‘yxatdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar uchun tadbirkorlarga xorijiy valyutada 7 foizli kreditlar ajratiladi.
Mavjud mahsulotlar bo‘yicha mahalliylashtirishni chuqurlashtirishni rejalashtirgan korxonalarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 10 yilgacha muddatga xorijiy valyutada 6 foizli, milliy valyutada esa 12 foizli kreditlar taqdim etiladi.
Yig‘ilishda xorijiy farmatsevtika kompaniyalarini mamlakatimizga jalb qilish, ular bilan texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Import qilinayotgan dori vositalarining qariyb yarmi 34 ta xorijiy ishlab chiqaruvchi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu munosabat bilan ularning ishlab chiqarishini O‘zbekistonda tashkil etishni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi. Import bilan shug‘ullanuvchi yirik korxonalarga ham ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirib, brendli dori vositalarini mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish tavsiya etildi.
Bu jarayonni rag‘batlantirish maqsadida korxonalar brendlardan foydalanish uchun to‘laydigan royaltidan soliq 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Original dori vositasi yaratilganidan 20-25 yil o‘tgach, boshqa farmatsevtika korxonalari ham uni ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday dori vositalarini o‘zlashtirish ichki bozorda narxlarni bir necha barobar arzonlashtirish imkonini beradi.
Shu munosabat bilan talab yuqori bo‘lgan bunday preparatlarni bir yil ichida o‘zlashtirgan korxonalarga texnologiya transferi xarajatlarining yarmi Farmatsevtika jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, eng ko‘p import qilinayotgan 100 turdagi dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida “Toshkent farma park” hududi yana 100 gektarga kengaytiriladi.
Yig‘ilishda farmatsevtika mahsulotlari eksporti masalalari ham ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda tarmoq eksporti 220 million dollarga yetgan bo‘lsa-da, uning atigi 14 million dollari dori vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu munosabat bilan korxonalarni xalqaro standartlarga moslashtirish muhimligi ta’kidlandi. Hozirda 58 ta dori ishlab chiqaruvchi korxona milliy GMP sertifikatiga ega. Endi ularni Yevropa GMP standartlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
1-iyundan boshlab mahalliy korxonalarning YevroGMP sertifikatini olish xarajatlarining 50 foizi Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Yig‘ilishda davlat xaridlari tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani sababli ayrim korxonalar davlat korxonalariga mahsulot sotish imkoniyatiga ega emas.
Shu munosabat bilan 1-sentabrgacha mahalliy mahsulot sertifikatiga ega tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qat’i nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat berilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili mamlakatimizda 57 mingdan ortiq nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan va kontrafakt dori vositalari aniqlangan.
Shu bois, dorilarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish, sifati shubhali mahsulotlar aylanmasi uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda sohada ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etish masalasi ham ko‘tarildi.
Bugungi kunda farmatsevtika sohasidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda, oliy ta’lim muassasalari esa har yili qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlaydi. Biroq ilmiy ishlanmalarni sanoatga joriy etish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu munosabat bilan kimyo-farmatsevtika, vaksina va zardoblar hamda sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. U “Toshkent farma park” hududida joylashtirilib, ilmiy tadqiqotlarni bevosita ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
Park hududida klinikoldi tadqiqotlar laboratoriyasi, biologik va kimyoviy tadqiqotlar markazlari hamda 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnika universiteti professor-o‘qituvchilari o‘z ilmiy faoliyatini farmapark hududida olib boradi. Talabalar esa korxonalarda dual ta’lim asosida o‘qib, ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi dori vositalarini ishlab chiqarishga jalb qilingan olimlar ishtirokidagi loyihalar uchun korxonalarning 100 ming dollargacha xarajatlari qoplab beriladi. Mahalliy olimlar yaratgan yangi preparatlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga esa ularni ro‘yxatdan o‘tkazish va klinik sinovlar uchun 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Yig‘ilishda farmatsevtika korxonalari vakillarining takliflari va tashabbuslari eshitildi, mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.