Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi besh ming gektarda limonchilik plantatsiyasi tashkil qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish davom etmoqda.
Viloyatdagi 49 ming gektar tomorqaning 35 ming gektarida 3-4-marta hosil olinmoqda. Bunday ko‘rsatkich birorta viloyatda yo‘q.
Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”da tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda besh martagacha ekin ekish o‘rgatilyapti. Mazkur tajriba butun Surxondaryoda yo‘lga qo‘yilsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, eng asosiysi, dehqonlarning daromadi ham ko‘payishi ta’kidlandi.
Xuddi Termiz tumanidagi kabi Angor, Uzun, Denovda “Tomorqa maktablari”ni tashkil qilish, ularda yiliga 10 ming aholini o‘qitish topshirildi. Umuman, Termiz tumani tajribasi asosida har bir viloyatda ikkitadan “Innovatsion tomorqa maktablari” ishga tushiriladi.
Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi besh ming gektarda limonchilik plantatsiyasi tashkil qilinadi, Oltinsoydagi olti ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Uzun tumanida Yaponiya tajribasi asosida yaratilgan quritilgan xurmo va anjirning milliy brendini targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zA