Surxondaryo taraqqiyot sari dadil odimlamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish uchun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari amaliy safarini an’anaga ko‘ra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi. Qur’on tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi.
Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik, insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritgichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.
Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi”ga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab suv xo‘jaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti bilan tanishdi.
Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz bu yo‘nalishga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, bunda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
“Tomorqa maktabi” aholini o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini o‘rgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritmoqda.
Eng muhimi, bu yerda ishsiz va kam ta’minlangan oilalarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda o‘rgatilmoqda.
Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarini qamrab olgan bo‘lib, uning tarkibida o‘quv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar o‘quv-tajriba maydoni mavjud.
Issiqxonada Surxondaryo sharoitiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulg‘or qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, ko‘chatchilik va gulchilik yo‘lga qo‘yilgan, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan.
Maktabda Surxondaryo sharoitida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti o‘qitilmoqda. O‘quv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.
Shu paytga qadar 1300 ga yaqin ishsiz va kambag‘al oila a’zosi maxsus kurslarni tugatib, o‘z tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha tomorqa va ijara yer egalarini o‘qishga yo‘naltirmoqda. Tinglovchilar uchun yo‘llanma yoki vaucher tizimi orqali o‘qish xarajatlari qoplab beriladi.
Kursda qatnashuvchilarga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan o‘rtacha 10-15 million so‘m daromad olish metodikasi amaliyotda ko‘rsatiladi. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bog‘lar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi bo‘lgan o‘simliklar, shu jumladan, sitrus va tropik mevalar yetishtirishni o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.
Yaratib berilayotgan imkoniyatlardan, ajratilayotgan mablag‘lardan oqilona foydalanayotgan vohada aholining to‘kin, farovon yashashiga yangi-yangi g‘oyalar asosida yondashilayotgani odamlarning daromadini oshirib, hududlarning kambag‘allik darajasini pasaytirmoqda. Jumladan, bundan ikki yil avval viloyatning kambag‘allik darajasi 10,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 4,5 foizga tushdi. Bu yil vohaning kambag‘allik darajasini 2,8 foizga tushirish mo‘ljallanayotir.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalarini ko‘zdan kechirdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida tizimli bajarilmoqda.
Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.
Mazkur tashabbus doirasida o‘tgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning o‘nta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.
Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-to‘qqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishildi. Natijada aholining suv ta’minotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.
Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qo‘llab-quvvatlash har jihatdan zarurligini ta’kidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qo‘llash mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Texnik jihatdan loyihaning katta yutug‘i 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi bo‘ldi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytiradi, balki tizimning barqarorligini ta’minlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.
Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot ta’minoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.
“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yo‘qotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tug‘ildi.
Suv ta’minoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.
Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablag‘ va resurs jihatidan 18,5 milliard so‘m iqtisod qilinishini anglatadi. Iste’molchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi.
Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya ko‘rsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv ta’minoti masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
Mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Prezidentning 2021-yil 12-oktabrdagi farmoniga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qad rostlamoqda.
Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 o‘rinli bog‘cha, 330 o‘rinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi ko‘chib kirdi.
Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘quv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator o‘rnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul o‘simliklari ekilgan.
Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) ko‘p qavatli uy-joy, yangi yo‘llar, istirohat bog‘i qurish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda zamonaviy uy-joy qurilishiga qaratilayotgan yuksak e’tibor viloyatning urbanizatsiya darajasini 35,6 foizdan 36,2 foizga o‘stirdi. Ayni paytda vohadagi 1 ming 722 ta ko‘p qavatli uydagi 44 mingta xonadonda 160 mingdan ortiq kishi istiqomat qilib kelmoqda. 2018-yilgacha viloyatda 1 ming 240 dan ortiq ko‘p qavatli uy mavjud edi. Keyingi 9 yilda 481 ta osmono‘par turar joy binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Uy-joy fondi 603 mingtaga yetib, aholining turar joy bilan ta’minlanganlik darajasi 69 foizni tashkil etdi. Joriy yil yana 9 ming 500 xonadonli 172 ta ko‘p qavatli uy qad rostlaydi.
Tashrif chog‘ida Prezidentimiz massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasi ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi ko‘p qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari o‘rnatilgan.
Inklyuziv ta’lim har bir bolaning, jismoniy yoki aqliy holatidan qat’i nazar, maktabga borishi va sifatli ta’lim olishini ta’minlashni nazarda tutadi.
Davlatimiz rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Maktabda bugun 500 dan ziyod o‘quvchi ta’lim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida o‘qitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yo‘laklar, o‘quv xonalari, ovqatlanish xonasi, sport zali hamda muolaja xonasi zarur sharoitlar bilan ta’minlangan.
Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarning bugungi yoshlar hayoti, kelajagi uchun naqadar muhimligiga e’tibor qaratdi.
– Sun’iy intellektga o‘qitish dasturlarini bejiz maktablar ta’limiga joriy etmayapmiz, o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalari, mehnat bozori va kelajak kasblariga tayyor bo‘lib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.
Shundan so‘ng Prezidentimiz massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari o‘quv markazini ko‘zdan kechirdi.
6,5 milliard so‘m hisobiga barpo etilgan 400 o‘rinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga ta’lim olish va loyihalar ustida ishlash imkoniyatini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin o‘quvchi kompyuter savodxonligi va front-end yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin o‘quvchi IELTS imtihonlarida V2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassis faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari yoshlarni ilmga yo‘naltirish, jumladan, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz, kerak bo‘lsa, ularning sa’y-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bog‘lashimiz lozim. Shundagina ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda o‘qitadi, – dedi Prezident.
Ko‘klam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish an’anaga aylangan. Prezidentimiz massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda bo‘ldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.
– Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lmoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “ta’lim-ta’lim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib o‘rin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi.
So‘nggi yillarda viloyatda tadbirkorlik jadal rivojlanib, investorlarning hududga qiziqishi tobora ortmoqda.
O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trillion so‘mga yetdi. Yirik sanoat korxonalari qariyb 30 taga, kichik korxonalar 4 ming 820 taga yetkazilib, 18,8 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi. 2,1 milliard dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Dunyoning 37 davlatiga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Davlatimiz rahbariga taqdimot qilingan loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, ta’lim, xizmat ko‘rsatish hamda turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.
Umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar bo‘lgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari investorlar bilan suhbatlashdi.
Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, tog‘-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi loyihalarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi.
Jumladan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va mahalliy investorlar ishtirokida 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi.
Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Afg‘oniston davlatlari bilan hamkorlikda 6 milliard 300 million dollarlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 82 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 1 milliard 400 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida harbiy qismda ham bo‘ldi.
Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyati va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.
Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, oshxona, yotoqxona, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy Bosh Qo‘mondon tomonidan qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi.
Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanmoqda.
Davlatimiz rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini ko‘zdan kechirdi.
Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta’kidlandi.
Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida barpo etilgan etnoshaharchaga tashrif buyurdi.
Ushbu loyiha Surxondaryo tarixi, hunarmandchiligi va an’anaviy san’ati namunalarini namoyon etish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega yangi madaniy maskan sifatida yaratildi.
Majmua 10 million dollarlik investitsiya hisobidan barpo etildi. Olti gektar maydonda tarixiy qiyofadagi binolar, oilaviy mehmon uyi, do‘mbira ustaxonasi, baxshichilik ekspozitsiyasi, milliy taomlar restorani, bolalar uchun o‘yin maydonchasi hamda musiqiy favvoralar qad rostlagan.
Shaharcha yiliga 180 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega, bu yerda 250 nafar odamga doimiy ish o‘rinlari yaratiladi. Mehmonlar nafaqat hunarmandlarning mahsulotlarini xarid qilishlari, balki ularning ishini kuzatishlari ham mumkin.
Prezidentimiz turizm maskanida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hunarmandlar bilan muloqot qilib, tashrif buyuruvchilar uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA maxsus muxbirlari