Senatorlar muhim masalalarni chuqur o‘rganib, tahlil qilmoqda

Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan unda ko‘rib chiqiladigan muhim masalalar senatorlar tomonidan chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmoqda. Har bir masala bo‘yicha mutaxassislarni jalb qilgan holda muhokamalar olib borilib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Ombudsmanning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, o‘tgan yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) nomiga kelgan 26 ming 372 murojaatning 82 foizi ijobiy hal etilgan. Ombudsman va jamoatchilik guruhlari tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga 954 monitoring tashrifi amalga oshirilgan.
Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida 2025-yilda “Tenglik va hurmat” platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma doirasida ayollarni reabilitatsiya va moslashtirish markazlarida tadbirlar o‘tkazildi, zo‘ravonlikka uchragan 150 nafardan ortiq ayollar bilan jamoaviy va individual suhbatlar tashkil etildi.
Majlisda inson huquqlarini himoya qilish sohasida jamoatchilik institutlari va davlat organlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish hamda parlament nazoratini yanada samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
***
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining qo‘shma majlisida esa Ombudsman bilan birga Bolalar ombudsmanining ma’ruzalari muhokama qilindi.
Senatorlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida Ombudsmanning davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslariga yuborilgan ariza va da’vo arizalari, taqdimnomalari hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalarining ijro etilishi masalalarini ko‘rib chiqdi.

Majlisda Bola huquqlari bo‘yicha vakilining bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi muhokama qilindi.
Bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish ishlari davom etgani, hisobot yilida sohada qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi.
Senatorlar Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ta’sir choralarini qo‘llash samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, nazorat va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdi.
Muhokama yakunida qo‘mitalarning mazkur ma’ruzalarni Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish haqidagi qo‘shma qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA