O‘zbekiston – AQSH munosabatlarida transport geosiyosati
19-fevral – O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilgan kun. Dastlabki yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabat asosan siyosiy muloqot va xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lgan. Bugun esa aloqalar iqtisodiy makonni qayta shakllantirishga qaratilgan strategik sheriklik mazmunini olmoqda. AQSHning Toshkentdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik keyingi chiqishlarida aynan transport va bog‘liqlik masalasiga alohida e’tibor qaratayotgani ham shu o‘zgarishdan dalolat.
Diplomatning fikricha, Transkaspiy savdo yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar jadallashib, bu yo‘l orqali tashilayotgan yuk hajmi kengaymoqda.
Bu fikrni AQSH rasmiy pozitsiyasi ham tasdiqlaydi. C5+1 mintaqaviy muloqoti doirasida transport va tranzit infratuzilmasini takomillashtirish Markaziy Osiyoni global bozorlarga bog‘lashning asosiy vositasi sifatida belgilangan. Ya’ni, gap faqat yo‘l qurish emas, balki iqtisodiy makonni qayta tashkil etish haqida ketyapti.
Markaziy Osiyo uchun shunchaki dengizga chiqish emas, jahon bozoriga ulanish muhim. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston ikki karra quruqlikda joylashgani bois transport sohasi tashqi siyosatimiz markaziga chiqmoqda.
AQSH tahlillarida Markaziy Osiyoni Yevropa va jahon bozori bilan bog‘laydigan “O‘rta yo‘lak” mintaqani ochiq, shaffof ta’minot zanjiriga integratsiyalash vositasi sifatida ko‘riladi. Bu juda muhim holat. Transport yo‘nalishlari avval geosiyosiy qaramlikni anglatgan, hozir esa iqtisodiy suverenitetni ta’minlaydi. Ya’ni, bir yo‘l bog‘liqlik, ko‘p yo‘l mustaqillik garovidir. Shuningdek, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi mazkur yo‘lak tez, xavfsiz va ishonchli savdo marshruti sifatida baholanmoqda.
Jonatan Xenik joriy yil 11-fevral kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida qilgan ochiq ma’ruzasida mintaqaviy bog‘lanuvchanlik tashabbuslari iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning muhim omili ekanini ta’kidlarkan, shunday dedi:
– Bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni alohida: Markaziy Osiyoning qoq markazida, asosiy tranzit yo‘llar tutashadigan hududda joylashgan mamlakat sanoat kooperatsiyasi izchil rivojlanayotgan bozorga aylanmoqda. Shu bois AQSH – Markaziy Osiyo muloqotida transport va logistika masalasi amalda aynan O‘zbekiston orqali hal etiladi. Ya’ni, respublika bugun faqat ishtirokchi emas, balki shakllanayotgan mintaqaviy logistika tizimining markaziy bo‘g‘iniga aylanmoqda.
2015-yil tashkil etilgan C5+1 formati dastlab xavfsizlik va siyosiy muloqot maydoni sifatida shakllangan. So‘nggi yillarda esa iqtisodiyot, investitsiya va transport bog‘lanuvchanligi muhokama markaziga ko‘chdi. Bunday o‘zgarish xalqaro munosabat bilan bog‘liq keng qamrovli tendensiyani aks ettiradi. Davlatlar o‘rtasidagi aloqalar endi faqat siyosiy kelishuv emas, balki o‘zaro iqtisodiy manfaatlarga tayana boshladi. Infratuzilma va savdo zanjiri qay darajada mustahkam bo‘lsa, hamkorlik ham shunday barqaror o‘sadi.
Shu ma’noda transport yo‘laklari logistika vositasi o‘laroq, iqtisodiy taraqqiyot mexanizmi vazifasini ham o‘tamoqda. Yo‘l qurilishi ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, ishlab chiqarish sarmoya jalb etadi, investitsiya esa barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi.
Jonatan Xenikning fikrlaridan anglashiladiki, AQSH Markaziy Osiyoga nisbatan endi faqat xavfsizlik siyosatini yuritish bilan cheklanmasdan, iqtisodiy bog‘lanuvchanlikka ham tayanadi. Transport yo‘laklari mavjud hamkorlikning shunchaki texnik jihati emas, balki asosiy mazmuniga aylanmoqda. O‘zbekiston uchun esa ayni holat diplomatik munosabatlarning yangi bosqichini anglatadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA