Do‘stlik ko‘priklari: O‘zbekiston-Pokiston hamkorligining yangi ufqlari

24

So‘nggi yillarda Yevroosiyo makonida yangi strategik yo‘nalish – O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik shakllanmoqda. Qadimiy savdo yo‘llarining tarixiy chorrahasida joylashgan ikki mamlakat bugun barcha muhim sohalar – iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim va texnologiyalarni qamrab olgan zamonaviy “o‘zaro bog‘liqlik arxitekturasi”ni izchil yaratmoqda. Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladigan umumiy tarixiy ildizlar iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, texnologik mustaqillikni ta’minlash va mintaqaviy integratsiya uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan aniq loyiha va tashabbuslarga aylanmoqda.

Ikki mamlakat yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi bilan 2020 yillarning boshidan Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib kelmoqda. 2021 yilda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya ikki tomonlama muloqotga yuqori sur’at bag‘ishlab, o‘zaro munosabatlar tarixida yangi sahifa ochdi. Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, tashqi ishlar vazirliklarining faol maslahatlashuvlari va xalqaro forumlardagi ishtiroki dolzarb masalalarni o‘z vaqtida muhokama qilish, o‘zaro maqbul yechimlar topish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkonini bermoqda.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning 2025 yil fevral oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib borayotganining yorqin dalilidir. Yetakchilar iqtisodiyot, investitsiyalar, transport, raqamli texnologiyalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni qamrab olgan ko‘p qirrali hamkorlikning yuqori sur’atini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning natijalarini yuqori baholab, Sh.Sharif: “Mo‘’jizalar faqat aniq tasavvur, yuqori sur’at, mashaqqatli mehnat va yagona maqsad sari qat’iy intilish natijasidagina ro‘y berishi mumkin”, – dedi.

Pokiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi yakunida oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining tuzilishi ikki tomonlama munosabatlarga kuchli turtki berdi. Ushbu voqea erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash bilan birga, tizimli hamkorlik uchun mustahkam institutsional platforma yaratdi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda qonunchilik sohasi muhim o‘rin tutadi. Bunda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlik tartib-qoidalarini soddalashtirish, shaffoflikni oshirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ishonchli huquqiy maydon yaratishga xizmat qiladigan qonunchilik tashabbuslarini izchil ilgari surayotgan parlamentlararo do‘stlik guruhlarining hissasi katta. Ularning faoliyati natijasida ikki tomonlama aloqalarning barqarorligini ta’minlaydigan uzoq muddatli ishonch maydoni shakllanmoqda.

Iqtisodiyot hamkorlik sur’atini ko‘rsatib beradigan eng aniq indikatordir. Pokiston O‘zbekiston bozoriga faol qiziqish bildirib, mamlakatimizning Janubiy Osiyodagi yetakchi savdo sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash hajmi karrasiga oshib, barqaror o‘sishda davom etmoqda. 2025 yilda o‘zaro savdo hajmi 440 million dollardan ortib, bu 2016 yilga nisbatan 12 barobarga ko‘paydi. E’tiborli jihati, O‘zbekiston mahsulotlarining eksporti 320 million dollardan ortiqni tashkil etdi.

Ushbu raqamlar ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini, shuningdek yangi tarmoqlar va yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan xilma-xil va barqaror savdo modeli shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, investitsiyalar, moliyaviy xizmatlar, tog‘-kon sanoati, energetika va raqamli texnologiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga asos yaratib, sheriklikni strategik jihatdan chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochmoqda.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq yaqin istiqbolda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.

Har bir tomondan 17 turdagi mahsulot uchun bojxona imtiyozlarini taqdim etuvchi imtiyozli savdo bitimi ushbu maqsadga erishishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu kompaniyalarning hamkor bozorlarga kirishini sezilarli darajada osonlashtirib, savdo oqimlarini kengaytirishga turtki bermoqda.

Ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarda ham jadal o‘sish kuzatilmoqda. Sheriklik o‘rnatib, qo‘shma korxonalar tashkil etayotgan va yangi sohalarni o‘zlashtirayotgan O‘zbekiston va Pokiston kompaniyalarining soni tobora ortmoqda. 2025 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, yurtimizda Pokiston sarmoyasi ishtirokidagi 180 ga yaqin kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu biznesning qo‘shma loyihalar va uzoq muddatli hamkorlikka bo‘lgan ishonchi o‘sib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zaro hamkorlik to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatidan tortib, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, elektrotexnika va logistikagacha bo‘lgan ko‘plab sohalarni qamrab olgan. Hukumatlararo komissiyaning muntazam yig‘ilishlari, biznes-forumlar va ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi, tajriba almashishi va shartnomalar tuzishi uchun qulay va samarali maydonga aylanmoqda. Bugungi kunda ular doirasida imzolanayotgan bitimlar qiymati yuz millionlab dollarni tashkil etib, real iqtisodiy samara berish bilan birga, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

2024 yilda Toshkent “Pokistonda ishlab chiqarilgan” birinchi xalqaro ko‘rgazmasi va qo‘shma Logistika forumiga mezbonlik qildi. Pokistonning 80 dan ortiq yetakchi kompaniyalari ishtirok etgan ushbu tadbirlar tadbirkorlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi uchun maydon yaratib, qo‘shma biznes va logistika sohasidagi hamkorlikning haqiqiy imkoniyatlarini namoyish etdi.

Bunga javoban 2025 yil fevral oyida Lahorda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy ko‘rgazmasi tashkil etilib, uning doirasida umumiy qiymati 500 million dollarlik 181 ta savdo bitimi imzolandi. Bu tovar ayirboshlashni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini, shuningdek biznesning hamkorlik istiqbollariga ishonchi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda investitsiyaviy hamkorlikdagi yutuqlarga ham alohida to‘xtalib o‘tish lozim. 2024 yilda qo‘shma loyihalar doirasida Pokistonning 33 million dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirilgan bo‘lsa, 2025 yilning yanvar-iyul oylarida ushbu ko‘rsatkich ikki barobardan ziyod o‘sib, qariyb 70 million dollarni tashkil etdi. Investitsiyalarning bunday barqaror o‘sishi uzoq muddatli loyihalarga o‘zaro qiziqishning kuchayganini aks ettirib, ishbilarmonlik muhiti barqarorligini tasdiqlaydi va mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

To‘qimachilik, farmatsevtika va parfyumeriya tarmoqlarida, shuningdek qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalar ustida faol ish olib borilmoqda. Bu tomonlarga nafaqat iqtisodiyotning an’anaviy tarmoqlarini mustahkamlash, balki yuqori qo‘shilgan qiymat salohiyatiga ega yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Xususan, O‘zbekiston Pokistonda maishiy texnika, traktorlar, “aqlli” hisoblagichlar va zamonaviy gaz bloklarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihaviy tadqiqotlarni olib bormoqda. Bu texnologik almashinuv va zamonaviy ishlab chiqarish yechimlarini joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Ko‘plab istiqbolli tashabbuslar shakllanayotgan raqamli sohaga, shu jumladan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, biznes va davlat xizmatlari uchun AT-yechimlarni yaratish, qo‘shma startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalish texnologik modernizatsiyani jadallashtirish, kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish va dasturiy mahsulotlar iqtisodiyotning asosiy tarmoqlariga joriy qilinishiga xizmat qilmoqda.

Savdo infratuzilmasi rivojlanayotgani ham alohida ahamiyatga ega. 2025 yilda Lahor va Karachida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Istiqbolda Toshkent va Samarqandda Pokiston savdo vakolatxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbuslar kompaniyalar ikki mamlakat bozorlariga kirishini soddalashtiradi. Qolaversa, tovar ayirboshlashni kengaytirish uchun amaliy asos yaratilib, ishbilarmonlik hamkorligi kengayadi va biznes hamjamiyatining ishonchi ortadi.

Binobarin, sanoat, raqamlashtirish va infratuzilma sohalaridagi izchil hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni jadal rivojlantirish uchun ko‘p darajali platforma yaratib, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini strategik ahamiyatga ega va o‘zaro manfaatli loyihaga aylantirmoqda.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish ikki tomonlama muloqotning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyo asrlar davomida savdo va madaniy yo‘llar bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, bugungi kunda ushbu tabiiy o‘zaro bog‘liqlikni tiklash maqsadida aniq amaliy qadamlar tashlanmoqda. Logistikaning takomillashishi, yangi transport yo‘laklarining rivojlanishi va yuk tashish tartib-qoidalarining soddalashtirilishi tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va hamkorlikni chuqurlashtirish uchun real imkoniyatlar yaratmoqda. Dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ishonchli transport aloqalari barqaror iqtisodiy o‘sish va mintaqaviy integratsiyaning asosiy omiliga aylanmoqda.

Bunda Transafg‘on temir yo‘li asosiy loyihalardan biri hisoblanadi. Ushbu strategik yo‘lak mintaqaviy transport tarmoqlarini tubdan o‘zgartirishi, mamlakatlarning Yevroosiyo iqtisodiy makonining asosiy ishtirokchilari sifatidagi o‘rnini mustahkamlashi, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi savdo, investitsiya va logistika oqimlari uchun mustahkam poydevor yaratishi mumkin. Yuklarni yetkazib berish muddatini bir necha haftadan 3-5 kungacha qisqartirish hamda transport xarajatlarini 40 foiz va undan ortiqqa kamaytirish orqali ushbu yo‘nalish mintaqa mamlakatlari tovarlarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirib, eksport-import faolligini kuchaytiradi.

2025 yilda ushbu loyiha bo‘yicha aniq natijalarga erishildi. Jumladan, texnik-iqtisodiy asoslarning muhim komponentlari tayyorlandi. Yo‘lakni loyihalashtirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash shartlari bo‘yicha hukumatlararo maslahatlashuvlar davom etmoqda.

O‘zaro hamkorlik tuzilmasida energetika sohasidagi aloqalar muhim o‘rin tutadi. Mamlakatlarning ushbu sohadagi hamkorlik salohiyati katta. Geologiya-qidiruv, neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar strategik energetik xavfsizlikni ta’minlash, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va sanoat rivojlanishiga turtki berishi mumkin.

Iqtisodiyot bilan bir qatorda madaniy-gumanitar hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini Buyuk Ipak yo‘li davriga borib taqaladigan boy tarixiy meros bog‘lab turadi. Bugun bu mushtaraklik xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan va uzoq muddatli ishonch poydevorini shakllantiradigan qo‘shma ilmiy loyihalar, ta’lim sohasidagi tashabbuslar va madaniy almashinuvda namoyon bo‘lmoqda.

Pokistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasiga O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosi davomiyligini ta’minlashga qaratilgan tashabbus sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk olimlar tomonidan yaratilgan ma’naviy va ilmiy maktab zamonaviy ta’lim va innovatsion loyihalar uchun ilhom manbai bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni yangi mazmun bilan boyitmoqda.

Turizm sohasidagi hamkorlikka to‘xtaladigan bo‘lsak, bugun noyob ma’naviy va me’moriy merosga ega O‘zbekistonga qiziqayotgan pokistonlik sayyoh va ziyoratchilar tobora ko‘paymoqda. Qadimiy shaharlar, tarixiy obidalar hamda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning maqbaralari mamlakatning boy madaniy va ilmiy an’analarini ochib berishi bilan birga, davlatlararo rasmiy bitimlardek mustahkam bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni ham kuchaytiradi.

Transport sohasida yangi imkoniyatlarning yaratilishi ushbu jarayonga kuchli turtki berdi. Xususan, Islomobod va Toshkent hamda Toshkent va Lahor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, 2025 yilda ulardan 10 ming nafardan ortiq, ya’ni 2023 yilga nisbatan qariyb 2,5 barobar ko‘p pokistonlik sayyohlar foydalandi. Ushbu ko‘rsatkich yangi turizm yo‘nalishlariga talab ortayotganini, shuningdek transport va logistika sohalarida integratsiyani ta’minlash bo‘yicha tashlangan qadamlarning samaradorligini ko‘rsatadi.

Turizm, madaniyat, ta’lim va iqtisodiy tashabbuslar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Hamkorlikning bunday kompleks modeli sheriklikning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishi bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy integratsiyaning asosiy qismiga aylantirib, uzoq muddatli ishonchni mustahkamlaydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga tashrifi strategik sheriklikni rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ladi. Tashrif qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, iqtisodiyot, transport, energetika va raqamli texnologiyalar sohalaridagi loyihalarni jadallashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, hamkorlikning amaliy natijadorligi va ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatini oshiradi.

Bugungi kunda o‘zaro aloqalarning yuqori sur’atini saqlab qolish, hamkorlikning amaliy mexanizmlarini kengaytirish, muloqotni boshqaruvning quyi bo‘g‘inlarigacha tushirish, hamkorlikka hududlar, kichik va o‘rta biznes, ilmiy-akademik hamjamiyat, yoshlar va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada faol jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday keng qamrovli yondashuv erishilgan natijalarni mustahkamlaydi, barcha darajalarda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish va tatbiq etish uchun zamin yaratib, o‘zaro hamkorlikning barqaror o‘sishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi mushtarak tarixiy ildizlar, an’analar va ma’naviy yaqinlikka asoslangan do‘stlik ko‘priklari o‘tmish bilan bugunni bog‘lab, keng qamrovli hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga yo‘l ochmoqda. Bu ko‘priklar an’anaviy o‘zaro ishonchni barqaror va uzoq muddatli sheriklik mexanizmlariga aylantirib, mahalliy tashabbuslardan tortib mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan strategik loyihalargacha bo‘lgan barcha darajalarda hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Nigora Sultonova, 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi 

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti 

bosh ilmiy xodimi