O‘zbekiston – Pokiston transport loyihalari: imkoniyat va strategik istiqbol

Ma’lumki, Markaziy Osiyoning ayrim davlatlari, jumladan O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati yo‘qligi bois global savdo jarayonida transport va logistika bilan bog‘liq muayyan cheklovlarga duch keladi. Zero, dengiz portlaridan uzoq joylashuv, tranzit yo‘nalishida qo‘shni davlatlarga bog‘liqlik hamda tashish xarajati yuqoriligi eksport raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tayin. Shu bois logistika muammosini bartaraf etish mamlakat iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘riladi.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi a’zosi Shahnozabonu Ahmadova fikrlari asosida tayyorlangan navbatdagi maqolada ayni mavzu tahlil qilingan.

Globallashuv va mintaqaviy iqtisodiy integratsiya kuchayib borishi sharoitida dengizga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatlar uchun muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, xalqaro port infratuzilmasiga bevosita chiqish imkoniyati yo‘qligi yuk tashish xarajatini oshirib, yetkazib berish muddatini uzaytaradi. Natijada tashqi savdo samaradorligi pasayadi.

Shu nuqtai nazardan Pokiston hududida joylashgan Karachi, Qosim va chuqur suvli Gvadar portlari O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim tashqi savdo darvozalari hisoblanadi. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, mintaqadan yo‘naltiriladigan yuk oqimining sezilarli qismini aynan shu bandargohlar orqali o‘tkazish mumkin. Ekspertlar umumiy tranzit savdoning 40 foizgacha ulushi mazkur yo‘nalishga to‘g‘ri kelishini taxmin qiladi.
So‘nggi yillarda mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish maqsadida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yirik transport infratuzilma loyihalari ilgari surilmoqda. Ana shunday muhim tashabbuslardan biri – Transafg‘on temir yo‘li. Termiz shahrini Afg‘oniston hududi orqali Pokistondagi dengiz portlari bilan bog‘lash nazarda tutilgan, 760 kilometrga cho‘ziladigan bu tarmoqning umumiy qiymati 4,8 milliard dollarga baholangan. Loyiha amalga oshgach, yuk tashish vaqti avtomobil transportiga nisbatan qariyb 30 foiz qisqartirishi kutilyapti.

2023 yil 17 iyul kuni O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston temir yo‘l idoralari rahbarlari ishtirokida kechgan uch tomonlama uchrashuvda Termiz – Mozori-Sharif – Shoshpul – Lahor – Karachi asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi. Loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. 2030 yilga kelib ushbu temir yo‘l orqali yiliga 15 million tonnagacha yuk tashiladi. Natijada yetkazib berish muddati taxminan besh kun qisqarib, transport xarajati kamida 40 foiz tejaladi.
Xulosa qilib aytganda, Pokiston portlarini Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi temir yo‘l loyihalari O‘zbekistonning dengiz orqali jahon bozoriga chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Mazkur tashabbuslar nafaqat savdo hajmini, balki butun mintaqa iqtisodiy raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Musulmon Ziyo tayyorladi. O‘zA