O‘zbekiston – Janubiy Koreya: taraqqiyot va tinchlik yo‘lidagi izchil hamkorlik

14

Bugun O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 34 yil to‘ldi. 1992 yil 29 yanvarda tamal toshi qo‘yilgan aloqalar o‘tgan yillar davomida chuqurlashib, mintaqaviy barqarorlik, siyosiy ishonch va o‘sib borayotgan umumiy iqtisodiyotga asoslangan strategik sheriklik darajasiga chiqdi.

Siyosiy muloqot va strategik sheriklik

O‘zbekiston va Janubiy Koreya diplomatik aloqa o‘rnatgandan so‘ng ikki tomonlama siyosiy muloqot tizimi mustahkamlandi. 2006 yil imzolangan, keyinchalik 2014 yil munosabatni yanada chuqurlashtirish maqsadida yangilangan holda qabul qilingan qo‘shma deklaratsiya siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga 2024 yil 14 iyun kungi davlat tashrifi davomida esa davlat yetakchilari Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi bayonotni imzoladilar.

Hozirgi kunda siyosiy muloqot muntazam tus olib, hukumatlar, vazirliklar ishtirokida yukori darajali uchrashuvlar, videokonferensiyalar tashkil etilmoqda. Bu ikki mamlakat boshqaruv idoralari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar

Janubiy Koreya O‘zbekiston uchun muhim savdo-iqtisodiy sherikka aylangan. 2023 yil ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollar edi, 2024 yil bu ko‘rsatkich 2 barobar oshdi. Bu aloqalar faol va samarali kengayib borayotganidan dalolat.

Koreya Respublikasi investitsiyasi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi. Jalb qilingan sarmoyaning umumiy miqdori 7,5 milliard dollardan oshgan, bu mablag‘ sanoat, energetika, qurilish, to‘qimachilik va boshqa ustuvor sohalarda tobora kengaymoqda.

Iqtisodiy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri transport va innovatsiya texnologiyalarini joriy etishdir. Masalan, yurtimizda koreys texnologiyasi asosida KTX tez yurar poyezdlar uchun 42 ta vagon yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzolangani O‘zbekiston temir yo‘l infratuzilmasini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Madaniyat, ta’lim va gumanitar yo‘nalishlardagi aloqalar

Madaniyat, sport va turizm sohalarida ham hamkorlik kengaymoqda. 2024 yil 14 iyunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya madaniyat, sport va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelishuvlar imzoladi.Bu ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamladi.

Shuningdek, universitetlar va ilmiy markazlar o‘rtasida almashinuv dasturlari, ilmiy-tadqiqot hamkorligi va ilmiy-texnologik loyihalar faollashmoqda.

Xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash siyosati davom etmoqda. Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlarga kirishi, xususan Jahon savdo tashkiloti (JST) va “Asian Cooperation Dialogue” kabi maydonlarda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu munosabatlar 34 yil davomida shunchaki rasmiy diplomatiyani ifodalash doirasidan chiqib, strategik sheriklik dasturi sifatida shakllandi va barcha ustuvor sohalarni qamrab oldi. O‘zaro aloqalar iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirib, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik kelajak avlodlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Dilshod Hakimov, O‘zA