Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun uch smenali xizmat rejimiga o‘tadi

26

Prezidentimiz yangi tizimni Chilonzor tumani misolida tushuntirib berdi.

O‘tgan yili tumanda oldini olish mumkin bo‘lgan 1 ming 407 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 40 foizi mahalla hududida bo‘lgan. Yoki o‘g‘rilik, talonchilik, tan jarohati, bezorilik kabi jinoyatlar asosan tungi vaqtda sodir etilmoqda.

Shu bois, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish yangicha tashkil qilinadi.

Patrul-post, yo‘l-patrul, qo‘riqlash va profilaktika xizmatlari tun-u kun uch smenali xizmat rejimiga o‘tadi hamda 70 foizi soat 17 dan tungi 3 gacha patrullik qiladi. Patrul guruhlari huquqbuzarlik to‘g‘risida xabar kelib tushganda, voqea joyiga 5 daqiqa ichida yetib keladigan tizim bo‘ladi.

Tumandagi 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari tungi xizmatni bevosita mahallalarda tashkil qiladi. Ular tungi vaqtda o‘z boshliqlariga berilgan barcha vakolatga ega bo‘ladi, mustaqil qaror qabul qiladi va mas’uliyatni ham to‘liq zimmasiga oladi.

Bundan buyon tuman ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari va 5 ta ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarlari boshqa ishlarga umuman jalb qilinmaydi. Ularning faoliyati faqat vazirning buyrug‘i bilan tartibga solinadi.

O‘zA