Xalqimiz mahalladan boshlangan islohotlar natijasini his qilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 yanvar kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish avvalida 2025 yil yakunlariga qisqacha to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda iqtisodiyotimiz dastlabki prognozlarga nisbatan ancha yuqori sur’atlarda 7,7 foizga o‘sib, yalpi ichki mahsulot hajmi 147 milliard dollardan oshdi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida o‘sish sur’atlari 2024 yilga nisbatan yuqori bo‘ldi. Jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga, eksport esa 33,8 milliard dollarga yetdi.
Yuqori iqtisodiy faollik va o‘sib borayotgan iste’mol talabiga qaramasdan, inflyatsiya darajasi 2024 yildagi 9,8 foizdan 7,3 foizga pasaydi.
– Iqtisodiy o‘sish qanchalik barqaror bo‘lsa, infratuzilmani yaxshilashga shunchalik ko‘proq mablag‘ yo‘naltirish mumkin bo‘ladi. Bu esa pirovardida bandlikni ta’minlash, daromadlarni oshirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari ortda qolgan bir yilda 366 ming oila kambag‘allikdan chiqqani, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik esa 5,5 foizdan 4,8 foizga tushganini qayd etdi.
– Bularning barchasi islohotlarimiz samarasi bo‘lib, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Lekin hali oldimizda qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, – dedi Prezident.

Qayd etilganidek, mahalla islohotlar qayerda ishlayapti, qayerda to‘xtayapti degan savollarga aniq javob beradigan asosiy bo‘g‘in hisoblanadi. Agar mahallada ishsiz odam yoki kambag‘al oila saqlanib qolayotgan bo‘lsa, demak, islohot o‘sha joyga yetib bormagan. Agar “yettilik” tizimi aholi muammosini hal qila olmayotgan bo‘lsa, demak, tizim ishlamayapti.
– Imkoniyat bor, mablag‘ bor, qaror va dasturlar bor. Yetishmayotgan narsa – mas’uliyat va shaxsiy javobgarlik, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz mavjud imkoniyatlarni ishga solishda hokimlar va “mahalla yettiligi”da metodik bilim va amaliy tajriba yetishmayotgani, mas’ul vazirlik va idoralar esa ularga yetarli darajada ko‘maklashmayotganini tanqid qildi.
Mutasaddilarga bir oy muddatda ishsizlik va kambag‘allik yuqori bo‘lgan mahallalar imkoniyatlarini o‘rganib, eng yaxshi tajribalar asosida metodik qo‘llanma ishlab chiqish topshirildi. Hokimlar esa joylarda uning ijrosini ta’minlab, aholini ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish va ularni qiynayotgan masalalarga aniq yechim topish uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda joriy yil uchun 1 million nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalarning sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilab olindi.

Yig‘ilishda “og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Avvalo, bunday hududlarni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda 903 ta mahallaning har birida quvvati 300 kilovatt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, mahallalarga “beg‘araz aktiv” sifatida beriladi. Ushbu stansiyalar hisobidan har bir mahallada 400-500 million so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan “iqtisodiy aktiv” shakllantiriladi.
Olinadigan “yashil” daromadlar “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga, xususan, ehtiyojmand xonadonlarni energiya tejamkor ta’mirlash, elektr xarajatlarini kamaytirish va turmush sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Quyosh stansiyalarining ekspluatatsiya qilish ishlariga mazkur mahallalarda yashovchi kambag‘al oilalar a’zolari ishga jalb qilinadi.
Bu ishlar ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada ham amalga oshiriladi. Kichik quyosh stansiyalari tayyor holda 7 yil muddatga mahallalarga foizsiz lizing asosida beriladi.
Prezidentimiz ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mahallalarning ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda 903 ta “og‘ir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari mavjud. Agar hokimlar “mahalla yettiligi” bilan birgalikda suv ta’minotini yaxshilab, urug‘-ko‘chat bilan ta’minlab, ixtisoslashuvni tizimli yo‘lga qo‘ysa, aholi daromadi va turmush sharoitida keskin o‘zgarish qilishi mumkinligi ta’kidlandi.
Mahallalarda ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun sertifikatlangan ko‘chatlarni xarid qilish xarajatining 50 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi. Meva turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Tomorqada tomchilatib sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.
Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, agar buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida amalga oshirsa, qo‘shimcha ravishda 75 million so‘mdan mukofot oladi.
Shuningdek, joriy yilda 2 ming gektar o‘rmon yerlari 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor barpo etish uchun 10 yilga bepul ajratiladi. Pillachilik kooperatsiyasini tashkil etish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya, uyida pilla yetishtirish istagida bo‘lganlarga esa xonadonni jihozlash va uskuna xaridi uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Yig‘ilishda joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangani qayd etildi.
– Ochig‘ini aytish kerak, hozir banklar barcha tuman va shaharlarga bir xil shartda kredit taklif qilyapti. Lekin Olmazor bilan Bo‘zatovning imkoniyati va sharoiti bir xil emas. Shu bois, 37 ta “og‘ir” tumanda “oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi, – dedi Prezidentimiz.
Barcha tumanlarda “oilaviy tadbirkorlik” bo‘yicha imtiyozli kreditning eng yuqori miqdori 1,5 barobar oshirilib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Import qilingan va sertifikatlangan naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha, uy mehmonxonasi, kichik muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash minitexnologiyalari uchun esa 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Chegara va anklav hududda joylashgan 563 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi. Bu maqsadda “oilaviy tadbirkorlik” dasturlariga rejalashtirilgan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha ravishda yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltiriladi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun joriy yil banklar tomonidan jami 17 trillion so‘m kredit ajratiladi. Bunda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihalarida esa 6 foizi kompensatsiya qilib beriladi.
Hokim yordamchilarining ishini “loyihaviy yondashuv” asosida tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Har bir tuman kesimida “loyihaviy yondashuv” asosida amalga oshiriladigan loyihalar portfeli shakllantiriladi. “Og‘ir” mahallalardagi bo‘sh yer uchastkalari va davlat ob’ektlarining boshlang‘ich narxini 2-3 barobarga pasaytirib, ularni sotuvga chiqarish amaliyoti joriy etiladi.
Ish o‘rni yaratish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 100 ta “og‘ir” mahallaga 1 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Mazkur mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari Xitoy, Turkiya, Koreya va Malayziya kabi davlatlarga bir oylik malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Misol sifatida Olmazor tumanidagi “Kaykovus” kanali bo‘ylab amalga oshiriladigan loyiha keltirildi. Ushbu kanalning 2 kilometr qismi “Eski shahar” hududidagi 8 ta mahalladan o‘tadi. Endi mazkur mahallalardagi hokim yordamchilari yagona “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshiradi.
Xuddi shu tartibda turizm, ta’lim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, ko‘l bo‘ylari va gavjum ko‘chalar bo‘yicha ham hokim yordamchilaridan iborat maxsus “loyiha guruhlari” tashkil etiladi.
“Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha poytaxtda yo‘lga qo‘yilgan tajriba endilikda barcha tuman va shaharlarda ham joriy etiladi. Bundan buyon hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi mahalla raisi taqdimnomasi asosida tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod qilinadi.
Davlatimiz rahbari yana bir muhim masalaga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbir boshlangani qayd etildi.
Hozirga qadar jami 7 million 613 ming xonadondan 4 million 776 mingtasi ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq ushbu jarayon Toshkent shahri, Farg‘ona, Surxondaryo, Buxoro va Toshkent viloyatida sust kechayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
– Bu kabi muhim tadbir mamlakatimizda so‘nggi 37 yil ichida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Ro‘yxatga olish har bir mahalla va har bir oilaning real holatini aniqlash, kelgusi rejalarni shu asosda belgilash, eng muhimi, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni joriy etishga xizmat qiladi, – dedi Prezidentimiz va barcha yurtdoshlarimizni ro‘yxatga olish tadbirida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Yig‘ilishda tuman hokimlari, mahalla raislari va hokim yordamchilarining hisobotlari hamda takliflari tinglandi.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi bunyodkorlik ishlari va ob’ektlar faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini borib ko‘rdi.

Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar ko‘p.
Jumladan, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etiladi.
Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar ko‘chasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.

Respublika byudjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy ko‘rinishda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etdi.
Yuz nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard so‘m investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etildi, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.
Davlatimiz rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashdi.
– Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Hunarmandlarga mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilindi.
Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tildi.
Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.
Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash ob’ektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
– Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master-reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Davos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Sinomed” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan ham tanishdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 10 noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgani, kelgusida tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha sharoitlar yaratish davom ettirilishini aytgan edi.
Ayni maqsadlarga muvofiq, yurtimizda ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Olmazor tumanida joylashgan “Sinomed” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bugungi kunda dolzarb bo‘lgan barcha yo‘nalishlarda, jumladan, tug‘uruq, pediatriya, xirurgiya, travmatologiya, ortopediya, endokrinologiya va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz 30 million dollar evaziga barpo etilgan bo‘lib, undagi uskunalar Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan.

Klinikada diagnostika hamda statsionar bo‘limlari mavjud. Markaz yiliga to‘rt yarim ming nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega. Bu yerda 300 dan ziyod ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, 80 nafardan ortiq shifokor faoliyat yuritmoqda. Ulardan 60 nafari xorijda, xususan, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Yaponiya, Amerika kabi davlatlarda malaka oshirgan shifokorlardir. Shu bilan birga, klinikada xorijlik mutaxassislar ham faoliyat yuritmoqda.
Mazkur markaz tarkibida Toshkent shahrida birinchi xususiy tug‘uruq majmuasi ishga tushirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 30 nafar ayolga xizmat ko‘rsata oladi. Kelgusida o‘rinlar sonini yanada ko‘paytirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bolalarni emlash, profilaktik ko‘riklar ham shu yerda o‘tkaziladi.
Klinikada koll-markazlar, maxsus patronaj jamoalari tashkil qilingan. Bemorlarning uyiga chiqqan holda ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyatlari ham mavjud.
Bundan tashqari, respublikadagi eng katta xususiy vaksinatsiya markazi, xususiy sektordagi yagona sterilizatsiya markazi ham tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbari ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, bemorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, ambulator sharoitda davolash xonalari bilan tanishdi.
Shu bilan birga, onalik va bolalik yo‘nalishida ayolning homilador bo‘lgandan boshlab tug‘uruqqacha, tug‘uruq va undan keyingi davr uchun tayyorlangan tizimli jarayonlarni ko‘zdan kechirdi.
– Tug‘uruq xizmati, ayniqsa, tug‘uruqqacha kuzatuv eng muhim masalalardan biri. Ayniqsa, birinchi farzandni dunyoga keltirish ona uchun stress bo‘lmasligi kerak. Shunga qadar ayol muntazam kuzatuvda bo‘lsa, vaqtida davolanib borsa, unda o‘zini avaylash, sog‘lom onalik, sog‘lom bolalik borasida tushuncha paydo bo‘ladi, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari ko‘p tarmoqli markazda tashkil etilgan bolalar maydonchasida o‘ynayotgan jajji bolajonlar bilan suhbatlashdi.
– Eng katta yutug‘imiz, sizlar kabi shifokorlar o‘zlari olgan bilimlarni yurtimizda qo‘llayotganidir. Shu o‘rinda aytish lozimki, xususiy tibbiyotni joriy qilish bilan birga raqobatni ham unutmaslik kerak. Raqobat bo‘lsagina, odamlarda tanlov bo‘ladi. Xususiy davolanish markazlari ko‘paysa, aholi davolanish uchun bergan puliga yarasha sifatli xizmatga erishadi, – dedi davlatimiz rahbari klinika jamoasi bilan suhbatda.
Ziyodullo JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA maxsus muxbirlari