Klassik diplomatiya chegaralarini kengaytirgan muloqot yoxud elchilar zimmasidagi mas’uliyat ortdi
Munosabat
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Shuningdek, yangi tariximizda ilk bor qator mamlakatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar ham samarali bo‘ldi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik o‘rnatildi. Bugungi kunda bunday sheriklar soni 19 taga yetdi.
Bu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Xalqaro ekspertlar ushbu muloqotni tashqi siyosatdagi yangi bosqich sifatida baholamoqda. Yig‘ilishda ishtirok etgan elchilar O‘zA muxbiriga o‘z fikrlarini bildirishdi.
Botirjon ASADOV,
Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchi:
– Davlatimiz rahbari ta’kidlagan masalalar, berilgan topshiriqlar va yaratilgan imkoniyatlar diplomatlar uchun juda muhim yo‘l-yo‘riqlar bo‘ldi. Jahon siyosiy manzarasi keskin o‘zgarib borayotgan bir paytda tashqi siyosat faoliyati juda muvozanatli va har tomonlama tahlilga asoslangan bo‘lishi zarur. Prezidentimiz bugungi sharoitda Tashqi ishlar vazirligi qanday ishlashi kerakligi, Yangi O‘zbekiston elchisi qanday bo‘lishi lozimligi haqida aniq, ochiq tavsiyalar berdilar.
Ishimizdagi kamchiliklar ham ochiqcha qayd etildi. Bu biz uchun muhim saboq. Yig‘ilishda iqtisodiy diplomatiyani sezilarli darajada kuchaytirish, eksport va investitsiya hajmini oshirish, yangi bozorlar ochish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Turizm sohasida elchilarning roli yanada oshirilishi, vatandoshlar bilan doimiy muloqotda bo‘lish, muammolarni joyiga borib hal etish, “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechish kabi ko‘rsatmalar ham har birimiz uchun jiddiy mas’uliyat yukladi.
Bundan buyon bizdan faol tashabbuskorlik, natija va aniq amaliy ish talab etiladi.
Alisher ABDUSALOMOV,
Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchi:
– Prezidentimiz tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda hududlar va elchixonalar o‘rtasidagi hamkorlik yetarli darajada rivojlanmaganini ochiq ta’kidladi. Bu masala bizga yangi vazifalar yuklaydi. Viloyatlar bilan birga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chet elda tizimli targ‘ib qilish, korxonalarimizga tashqi bozorga chiqishda amaliy ko‘mak berish biz, elchilar uchun ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, sanoatni modernizatsiya qilishga xizmat qiladigan loyihalarni ko‘paytirishga e’tibor qilamiz. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yurtimizga olib kelish bo‘yicha ham aniq vazifalarni reja qilyapman.
Turizm va madaniyat sohalarida yangi yondashuv joriy etish zarurligi aytildi. Shuningdek, biz virtual sayyohlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, Koreya bozorida milliy mahsulotlarimizni targ‘ib qilish bo‘yicha yangicha ishlashga o‘tamiz. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va kadrlar tayyorlash bo‘yicha esa xalqaro grantlarni keng miqyosda jalb etish rejalarini belgilab oldik.
Aytilgan har bir masala diplomatiyaning yangi bosqichiga mos ravishda faol ishlashga chorlaydi.
Furqat SIDIQOV,
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Favqulodda va muxtor elchi:
– O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik munosabatlar endilikda to‘laqonli tarzda institutsionallashdi deyish mumkin. Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatimizni mintaqadagi ishonchli va istiqbolli hamkor sifatida ko‘rmoqda. Bu e’tirofning zamirida Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning izchilligi, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarning amaldagi natijalari mujassam.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan AQSH munosabatlari nafaqat ikki tomonlama yo‘nalishda, balki butun mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omilga aylanmoqda. Hozirgi siyosiy muloqot darajasi o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangani uchun iqtisodiy sohada ham sezilarli siljishlar kuzatilyapti.
O‘zbekistonga AQSHning yetakchi kompaniyalari va yirik moliya institutlarining qiziqishi ortib bormoqda. Ma’lumki, bunday kompaniyalarning muayyan bozorga kirishi oson emas. Chunki ular faqat barqaror, ishonchli va istiqbolli davlatlarga sarmoya yo‘naltiradi. Shu jihatdan, mamlakatimizdagi biznes muhitining yaxshilanib borishi xorijiy sarmoyadorlar uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekiston AQSHning yirik texnologik kompaniyalari uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish “xab”iga aylanib bormoqda.
Yig‘ilish davomida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirish, investitsiyalarni keng ko‘lamda jalb etish va xorijdagi hamyurtlarimizga ko‘mak berish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldik.
Haqiqatan ham, elchixona va konsullik muassasalari fuqarolarimizning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda faol bo‘lishi shart. Chet eldagi hamyurtlarimizning har bir murojaatiga batafsil e’tibor berish, zarur hollarda malakali yuridik yordam ko‘rsatish bizning bevosita vazifamiz.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.