Murojaatnoma ilm ahli uchun dasturulamal bo‘ladi

25

Prezidentimizning bugun Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi mamlakatimiz ijtimoiy hayotida muhim voqeiylik bo‘ldi. Davlat rahbari o‘z nutqida ko‘plab yo‘nalish va sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida mahalla tizimga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bugun dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan tuzilma – mahalla instituti nafaqat respublikamizda o‘zini namoyon qildi, balki jahonda alohida e’tirof qilinmoqda. O‘z navbatida boshlanayotgan 2026 yil mamlakatimizda – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilish taklif qilindi. Bundan ko‘rsa bo‘ladiki, kelgusi yil mahallalarimizni yanada obod qilish, aholiga qulaylik yaratish va yangi tashabbuslarga yo‘l ochadi.

Shuningdek, iqtisodiyotni raqamlashtirish, konchilik sohasini takomillashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu bejizga emas, albatta. Prezidentimiz o‘z nutqida 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkazilishini ta’kidladi. Buni amalga oshirish uchun endi yurtimizda barcha imkoniyat va salohiyat yetarli.

Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish imkoniyatlari, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi, “Olmaliq KMK” AJ tomonidan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish kabi sa’y-harakatlar aytildi. Bularning barchasi sohada faoliyat yuritayotgan biz kabi olimlar, mutaxassislarga katta mas’uliyat va iftixordir.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida ilm-fan va innovatsiya g‘oyalarini takomillashtirish, yangi ixtirolarni amalga tatbiq qilish lozimligi qayd etildi. Endilikda muallimlar, olimlar uchun o‘zini ko‘rsatishga katta imkoniyatdir. Hozirgacha sanoatimizdagi ayrim jabhalarda ishlatilayotgan juda ko‘p texnologiyalar 1950-60 yillarda loyihalashtirilgan va 1970-80 yillarda amalga oshirilgan loyihalardir.

Bugungi kunda zamon talabi bo‘yicha unumdorlikni oshirish lozim. Ko‘proq qimmatbaho ma’danlarni qazib olish, ularni sanoatda qayta ishlash va xaridorgir mahsulotga aylantirish davr talabi bo‘lmoqda. Ishonamanki, kelgusida bu maqsadlarga bu maqsad va tashabbuslarga erishamiz. Prezidentimizni Murojaatnomasi bu jarayonda bizga katta dasturulamal bo‘ladi.

Abdurashid Hasanov,

akademik.

O‘zA