Milliy ma’ruzani taqdim etish muddati belgilanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza tayyorlaydi hamda uni ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis palatalariga kiritadi.

Ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani Oliy Majlis palatalariga taqdim etishning aniq muddatini belgilash taklif etilmoqda. Xususan, bir qator qonunlarga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani Oliy Majlis palatalariga navbatdagi yilning 1 aprelidan kechiktirmasdan taqdim etish lozimligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi dolzarb masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlashga hamda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlarning bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA