O‘zbekiston – Italiya: Strategik hamkorlikni hududlar darajasida kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida mamlakatimiz Ishchi guruhi Italiyada bo‘lib davlat boshqaruvi va hududlarni rivojlantirish masalalarida muhim kelishuvlarga erishdi.
Italiya Hududiy ishlar va avtonomiyalar vazirligi hamda Latsio viloyati rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Endilikda Italiyaning mahalliy byudjet barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribasi Toshkent, Surxondaryo, Namangan va Buxoro viloyatlarida joriy etiladi.
O‘zbekiston viloyatlari va Italiya okruglari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, Latsio okrugi bilan Toshkent viloyatida farmatsevtika va logistika, Toskana bilan Buxoroda turizm, Emiliya-Romanya bilan Namanganda to‘qimachilik va asalarichilik, Abrutsso okrugi bilan esa Surxondaryoda uzumchilik yo‘nalishida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

Ta’lim va innovatsiya sohasida La Sapienza universitetining Toshkentda filialini ochish, Parkent tumanida “enoturizm” kompleksini barpo etish hamda Lazio Innova agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamkorligida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishildi. Kelishuvlar doirasida 2026 yil mart oyiga qadar aniq investitsion loyihalarni shakllantirish va “Toshkent–Latsio hududlari” biznes forumini o‘tkazish rejalashtirildi.

Ushbu hamkorlik davlat boshqaruvi natijadorligini oshirish, jumladan, hududlar iqtisodiyotiga xorijiy tajribani samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.
Kamola Yusupova,
O‘zA