Prezidentimiz tashabbuslari hayotiyligini ta’minlashda huquqiy asoslarni mustahkamlashimiz lozim

8

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazorati faoliyatiga doir masalalar muhokamasi ko‘zda tutilgan.

Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov davlatimiz rahbarining Yaponiyaga tashrifi haqida to‘xtaldi.

Mazkur rasmiy tashrif ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Uchrashuvlarda Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolangani e’tiborga molik ekanligi qayd etildi.

Spiker ta’kidlaganidek, Yaponiyaga tashrif davomida parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bir qator uchrashuvlarda do‘stlik guruhlarining rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, yoshlarning parlamentga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitida nutq so‘zlab, qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Shuningdek, Spiker davlatimiz rahbarining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida kuzatuvchi davlat rahbari maqomidagi ishtiroki haqida ham so‘z yuritdi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlik O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Prezidentimizning xalqaro maydondagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning ahamiyati keng targ‘ib etilayotgani ta’kidlandi. Ilgari surilgan tashabbuslar hayotiyligini ta’minlashda huquqiy asoslarni mustahkamlash parlament oldidagi muhim vazifa ekanligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA